Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Aniq o‘lchashlar sifat va xafvsizlik asosi
20:00 / 2021-11-26

Yangi O‘zbekistonda yangilanayotgan metrologiya

Respublikada o‘lchash texnikasi miqdori va yangi turlarining ko‘payish tendensiyasini hisobga olgan holda, metrologik faoliyat va uning infratuzilmasining takomillashishi doimiy ravishda O‘zbekistondagi iqtisodiy o‘zgarishlarga va mahalliy ishlab chiqarish, ayniqsa, yirik va kichik biznes korxonalarini va xususiy tadbirkorlikni eng qulay rivojlantirish sharoitlariga mos bo‘lishi kerak.

Barchamizga ma’lumki, iqtisodiyotning turli tarmoqlarda qo‘llanadigan o‘lchash natijalarini aniqligi, xolisligi, ishonchliligi va solishtiruvchanligini ta’minlamasdan, qayd etilgan maqsadlarga erishib bo‘lmaydi.

Misol uchun, neft va neft mahsulotlarini qazib olish, birlamchi qayta ishlash, tashish, qayta ishlash va sotish jarayonlaridagi o‘lchashlarni olsak, tijorat hisob-kitoblari mahsulotning turli ko‘rsatkichlari (sarf, hajm, og‘irlik, zichlik, qovushqoqlik, harorat, suyuqlik, mineral tuzlar va mexanik aralashmalar miqdori va boshqalar) bo‘yicha o‘lchash vositalarining natijalari asosida amalga oshiriladi. Ushbu o‘lchashlardagi xatolar yalpi mahsulotning salmoqli qismi tijorat hisobidan tushib ketishiga olib keladi.

Neft va neft mahsulotlarining og‘irligini o‘lchashda xatolik 0,35-0,5% ni tashkil qilishini taxmin qilsak, neftni kondan sotishgacha bo‘lgan davrda tijorat hisobi qayta-qayta (20 martagacha) amalga oshirilganligi sababli, butun ishlab chiqarish-sotish sikli davomidagi neft miqdorini hisobga olishda umumiy xatolik taxminan (2-3)% ni tashkil qilishi mumkin.

2017 yilga qadar metrologiya sohasiga institutsional yondoshuv bo‘lmaganligi, milliy etalonlar bazasining rivojlantirishga yetarlicha e’tibor qaratilmaganligi sababli, respublikada atigi 9 ta milliy etalon va 151 ta yuqori aniqlikdagi namunaviy o‘lchash vositalari (ishchi etalonlar) mavjud bo‘lgan xolos.

O‘lchash vositalarini kalibrlash laboratoriyalari tashkil etilmaganligi sababli kalibrlash xizmatining ulushi jami ishlar hajmiga nisbatan 0,01 foizni, ishlab chiqilgan (yangi o‘zlashtirilgan) kalibrlash usullarining soni esa 21 tani tashkil etgan.

Kalibrlash xizmatini rivojlantirilmaganligi natijasida yirik sanoat korxonalari tomonidan yiliga 1 843 dona o‘lchash vositalari xorijiy metrologik tashkilotlarda kalibrovkadan o‘tkazilib, o‘rtacha 1,5 mln. dollar valyuta mablag‘larini sarflanishiga yo‘l qo‘yilgan.

So‘nggi 3 yilda hukumatimiz qolaversa, shaxsan Prezidentimizning O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligiga e’tibori va to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘llab quvvatlashi natijasida metrologiya sohasida avvalo normativ-huquqiy bazani takomillashtirish, metrologik ta’minotni amalga oshirish, moddiy-texnika bazani mustahkamlash, malakali kadrlarni tayyorlash va xalqaro munosabatlarda faol ishtirok etish borasida 2017-2021 yillarda «Metrologiya to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni, O‘zbekiston Respublkasi Prezidentining 2 ta Vazirlar Mahkamasining 5 ta qarori va 2 ta idoraviy hujjatlar qabul qilindi.

Ta’kidlash joizki, bugungi kungacha metrologiya yo‘nalishi bo‘yicha qonuniy-huquqiy bazani takomillashtirish natijasida «Metrologiya to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining yangi tahriri qabul qilindi.

Bu esa o‘z navbatida, metrologik infratuzilmani rivojlantirish, xalqaro munosabatlarni amalga oshirish, xorijiy davlatlarning milliy metrologiya institutlari bilan hamkorlik aloqalarini mustahkamlash, laboratoriyalarning moddiy texnik bazasini rivojlantirish, xususiy sektorning metrologik xizmatlardagi ulushini oshirish va eng muhimi xodimlarning malakasi hamda ilmiy, kasbiy ko‘nikmalarini oshirishga zamin yaratdi.

Sohada aniq maqsadga yo‘naltirilgan kompleks chora-tadbirlarni izchil amalga oshirish hamda korporativ boshqaruvning zamonaviy institutsional usullarini joriy etish maqsadida Davlat rahbarining tegishli qarorlari asosida 2017 yilda O‘zbekiston milliy metrologiya instituti hamda 2020 yilda uning 16 ta hududiy filiallari tashkil etildi.

Mazkur qarorlar ijrosini ta’minlash, filiallarni tashkil etish, ularning faoliyatini tubdan o‘zgartirish, xodimlar malakasini oshirish, joylarda sanoat ehtiyojlarini o‘rganish natijasida yangi laboratoriyalarni tashkil etish, o‘lchash moddiy texnika bazasini yangilash, xalqaro darajada e’tirof etishda yangi yo‘nalishlarni o‘zlashtirish, xizmat ko‘rsatish jarayoniga axborot texnologiya tizimlarini joriy qilish bo‘yicha bir qator ishlar amalga oshirildi. Jumladan:

- Xalqaro tarozi va o‘lchovlar byurosi (BIPM)ga O‘zbekiston Respublikasi assotsiyalashgan a’zo maqomi olindi va Milliy o‘lchash etalonlari hamda milliy metrologiya institutlari tomonidan beriladigan kalibrlash va o‘lchash sertifikatlarining o‘zaro e’tirof etilishi to‘g‘risida kelishuv (CIPM MRA) imzolandi;

- 2019-2023 yillar davri uchun o‘lchashlar birligini ta’minlash milliy tizimini rivojlantirish va takomillashtirish konsepsiyasi tasdiqlandi;

- tadbirkorlik sub’ektlari ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun olib kiriladigan o‘lchash vositalariga o‘rnatilgan tartibda bojxona hujjatlari rasmiylashtirilgan kundan boshlab ikki oy davomida muvofiqlik sertifikatini olish sharti bilan rasmiylashtirish, shuningdek, ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun olib kiriladigan o‘lchash vositalariga berilgan xorijiy davlatlar metrologiya organlarining kalibrlash (yoki qiyoslash) sertifikatlari bir kun muddatda tan olish tartibi joriy etildi;

- 2020 yilga qadar, respublika bo‘yicha metrologik xizmat ko‘rsatiladigan 15 dan ortiq turdagi o‘lchash vositalarining qiyoslashdan o‘tkazish narxlari viloyatlarda turlicha bo‘lib, tadbirkorlarning e’tirozlariga sabab bo‘lib kelayotgan edi. 2020 yildan Respublika bo‘yicha metrologik xizmat ko‘rsatish narxlari qayta ko‘rib chiqilib, birxillashtirildi.

- So‘nggi 3 yil ichida sohaga 20 dan ortiq xalqaro ekspertlar jalb etildi. 
60 nafardan ziyod metrolog-mutaxassislar xorijiy davlatlari bo‘lgan Germaniya, Turkiya, Rossiya, Xitoy va boshqalarning ilg‘or metrologiya institutlarida malaka oshirishdi.

Davlat rahbarining tizimga bo‘lgan bevosita e’tibori natijasida, umumiy qiymati 30 mln dollar bo‘lgan 61 dona etalonlarni xarid qilish va milliy etalonlar bazasini 90 taga yetkazish bo‘yicha davlat dasturi tasdiqlandi. Mazkur dasturga asosan 2021 yilda 12,6 mlrd. so‘mlik jami 4 ta etalonlar (Kelvin – harorat birligi, yorug‘lik kuchi, sarf o‘lchagich uskunasi hamda Paskal – tovush bosimi birligi) keltirilib, milliy etalonlar bazasi 22 taga yetkazildi.

Milliy etalonlar bazasini kengaytirish jami respublika sanoat tarmoqlaridagi 20 563 dona yuqori aniqlikdagi o‘lchash vositalarini metrologik kuzatiluvchanligini ta’minlashga zamin yaratadi.

Xarid qilinadigan etalonlarni joylashtirish va saqlash uchun infratuzilma yaratish maqsadida, maydoni 600 kv.m bo‘lgan xalqaro talablarga javob beradigan maxsus laboratoriya binosi - Etalon паркni qurish hamda maydoni 2000 kv.m bo‘lgan 6 qavatli etalonlar binosini kapital ta’mirlash ishlari amalga oshirilmoqda.

O‘zbekiston milliy metrologiya instituti va uning hududiy filiallari o‘lchash laboratoriyalarining moddiy texnik bazasini yanada takomillashtirish maqsadida 13 mlrd. so‘mlik jami 172 ta (shundan 93 tasi hududiy filiallarga) yuqori aniqlikdagi o‘lchash vositalari xarid qilindi hamda laboratoriyalarga o‘rnatildi.

Taqqoslash uchun, 2019 yilda hududi metrologiya laboratoriyalarga 0,67 mlrd.so‘m qiymatli jami 5 dona o‘lchash vositalar va uskunalar xarid qilingan xolos.

Hududlardagi mavjud metrologiya infratuzilmasini xalqaro talablarga muvofiq uyg‘unlashtirish maqsadida Chirchiq, Sirdaryo, Surxondaryo viloyatlaridagi 3 ta filiallarda ta’mirlash ishlari amalga oshirildi.

Institutning massa, bosim va harorat o‘lchash turlari bo‘yicha kalibrlash laboratoriyalari Turkiyaning akkreditatsiya agentligi (TURKAK) tomonidan xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazildi hamda ayni paytda 16 ta davlatlararo solitirishlarida (COOMET) ishtirok etilmoqda.

Shuni alohida qayd etish kerak-ki, xizmatlar eksportini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha Tojikiston Respublikasi Hukumati qoshidagi Standartlashtirish, metrologiya, sertifikatlashtirish va savdo inspeksiyasi agentligiga (Tojikstandart) tegishli bo‘lgan jami 27 ta (25 ta tarozi toshlari hamda 2 ta termometr) yuqori aniqlikdagi o‘lchash vositalari institut tomonidan kalibrlandi. Hozirda bunday hamkorlikdagi ishlar Qirg‘iziston va Turkmanistondagi hamkasblar bilan ham amalga oshirilmoqda.

Sohaga investitsiyalarni keng jalb etish borasida ham bir qator ishlar amalga oshirildi. Jumladan:

Yo‘l harakati xavfsizligini nazorat qilish hamda yo‘l-transport hodisalarining oldini olishning samarali mexanizmlari joriy etilib, foto-video radar uskunalarining metrologik nazoratni ta’minlash uchun Germaniyaning «JENOPTIK Robot GmbH» kompaniyasi bilan hamkorlikda qiymati 93 ming Yevro bo‘lgan «Avtotransport vositalarini harakat tezligini o‘lchash vositalarini qiyoslash va kalibrlash» laboratoriyasi tashkil etildi.

Bundan tashqari O‘zbekistonda hozirga qadar qiyoslanmayotgan 150 dan ortiq gamma nurlanishlar manbalari va 25 dan ortiq rentgen nurlanishli o‘lchash vositalarining metrologik nazoratini ta’minlash bo‘yicha Xalqaro atom energetikasi agentligi (MAGATE) yordamida amalga oshirilayotgan qiymati 617,3 ming doll. bo‘lgan «Ionlashtiruvchi va rentgen nurlanish sohasidagi ikkilamchi etalonlar maxsus dozimetrik laboratoriyasi»ni yaratish loyihalari amalga oshirilmoqda.

Sanoat korxonalariga metrologik xizmatlar ko‘rsatishda qulay sharoit yaratish, ularning vaqt va mablag‘larini tejash hamda rivojlangan xorijiy metrologiya institutlari tajribasini joriy etish maqsadida, tibbiyot va energetika sohalarida qo‘llaniladigan 3 ta (Toshkent – 2 ta, Sirdaryo filliali – 1 ta) maxsus mobil laboratoriya ishga tushirilib, logistika xizmatlariga ixtisoslashgan 6 ta filiallarga avtotransport vositalari xarid qilindi.

Innovatsion hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, mustaqil izlanuvchilar va iqtidorli talabalarning intellektual salohiyatini oshirish maqsadida, Innovatsion rivojlanish vazirligi bilan hamkorlikda ilmiy-texnik faoliyatga oid davlat dasturlari doirasida 5 ta metrologiya sohasidagi ilmiy texnik loyihalar amalga oshirilmoqda.

Bundan tashqari O‘zbekiston milliy metrologiya instituti tomonidan berilgan taklifga asosan yangi 2021 yil o‘quv yilidan boshlab Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutida "Metrologiya, standartlashtirish va mahsulot sifati menejmenti" yo‘nalishi (tarmoqlar bo‘yicha) tashkil etildi.

Shu o‘rinda metrologiya xizmatlarini ko‘rsatishda shaffof tizim yaratish bo‘yicha ham bir qator islohotlar olib borilayotganligini ham aytib o‘tish joiz.

Sir emaski hozirgi davrda jamiyatimizning ijtimoiy-siyosiy taraqqiyotiga, mamlakatimizda biznes rivoji, mamlakat iqtisodiyotiga jiddiy to‘siq bo‘layotgan korrupsiya kabi illatga qarshi murosasiz kurash olib borish har bir vijdonli shaxsning burchi hisoblanadi.

Ma’lumki, 2020 yilga qadar maishiy (gaz, elektr, sovuq va issiq suv) hisoblagichlarni davriy davlat qiyoslovidan o‘tkazish ishlari aksariyat hollarda iste’molchi tomonidan amalga oshirib kelinganligi sababli, aholi o‘rtasida e’tirozlarning keskin ortib borishi hamda ko‘rsatilayotgan metrologik xizmat narxlari, muddatlari bo‘yicha yagona va shaffof tizim yaratilmaganligini ko‘rsatdi.

Yuqoridagi kabi salbiy holatlarni oldini olish maqsadida, avvalo metrologiya sohasida normativ-huquqiy bazani takomillashtirish, metrologik ta’minotda shaffof tizimni yaratish va moddiy-texnika bazani mustahkamlash borasida tizimli ishlar bajarildi. Bu harakatlar natijasida, hukumatning tegishli qarorlari metrologik xizmatlar ko‘rsatish tizimiga shaffoflik kiritilib, aholi va tadbirkorlarga bir qator qulayliklar yaratildi.

Jumladan, fuqarolar tomonidan 5 ta idoralarga (energiya ta’minotga ikki marotaba, MIB, ta’mirlash korxonasi, qiyoslash laboratoriyasi) qatnovi bekor qilinib, bir marta Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali yoki davlat xizmatlari mарказиga murojaati yo‘lga qo‘yildi.

Shuningdek, foydalaniladigan maishiy hisoblagichlarning qiyoslashlararo muddatlari ikki baravarga uzaytirildi.

Shu bilan bir qatorda o‘lchash vositalarini davlat sinovlaridan, metrologik attestatsiyadan, qiyoslashdan va kalibrlashdan o‘tkazishda xalqaro tavsiyalarga asoslangan holda Vazirlar Mahkamasining qarori bilan metrologik xizmatlarni amalga oshirish bo‘yicha 5 ta qoidalar tasdiqlanib, mahalliy ishlab chiqaruvchilarga quyidagi imkoniyatlar yaratildi:

- ariza berish, shartnoma rasmiylashtirish jarayonlari to‘liq elektron shaklga o‘tkazilib, masofadan turib murojaat qilish tizimi yo‘lga qo‘yilib 88 796 ta arizaga asosan 537 576 ta o‘lchash vositalari metrologik tekshiruvdan o‘tkazildi;

- tadbirkorlarga xizmat ko‘rsatish muddati 2-2,5 barobarga, ariza beruvchi tomonidan 9 турдаgi hujjatlarni taqdim etish bekor qilinib, taqdim etiladigan hujjatlar 11 tadan 2 tagaча qisqartirildi;

- mahalliy ishlab chiqaruvchilarning mahsuloti narxiga ta’sir qiluvchi xarajatlarni qisqartirish maqsadida, o‘lchash vositalarining turini tasdiqlash to‘g‘risidagi sertifikat muddati 1 yildan 5 yilga uzaytirildi;

Institut tomonidan ko‘rsatilayotgan metrologik xizmatlarni avtomatlashtirish va sohaga AKTni joriy qilish maqsadida, «Ye-Metrologiya» axborot tizimi ishlab chiqildi (e-metrologiya.uz) hamda joriy yil 1 iyuldan ishga tushirilib, qisqa muddat ichida mazkur tizim orqali 7 mingdan ortiq arizalarga asosan metrologik xizmatlar ko‘rsatildi. Samarada mazkur axborot tizimi bilan metrologik xizmatlarni ko‘rsatish to‘liq avtomatlashtirildi, o‘lchash vositalari uchun rasmiylashtirilgan guvohnoma (sertifikat) va xabarnomalar elektron shaklda maxsus himoyalangan QR-kod bilan elektron shaklda rasmiylashtirish to‘liq yo‘lga qo‘yildi.

Bundan ko‘rinib turibdiki, metrologiya xizmatlarini ko‘rsatish jarayonlarida aholi va tadbirkorlik sub’ektlarining manfaatlarini ta’minlovchi hamda ularga sifatli metrologik xizmat ko‘rsatishni ta’minlovchi barqaror shaffof tizim joriy etilmoqda.

Muxtasar qilib aytganda, o‘lchash natijalarini xalqaro darajada tan olinishini ta’minlash, xizmatlar turini kengaytirish orqali o‘lchash vositalarini metrologik tekshiruvini to‘liq qamrab olish, mahsulot sifati va xavfsizligini kafolatlaydigan zamonaviy yuqori aniqlikdagi o‘lchash (sinash) vositalari bilan jihozlangan laboratoriyalarni tashkil etish eng ustuvor vazifa etib belgilangan va ushbu vazifani qisqa muddatlarda bajarilishi yuzasidan barcha amaliy tadbirlarni amalga oshirilishi ta’minlanmoqda.

Lazizbek Saidoripov,
O‘zbekiston milliy metrologiya
instituti direktori