Poytaxtimizdagi “Renessans kino uyi”da bolajonlar uchun Yangi yil tuhfasi – milliy ruhdagi yangi animatsion filmlarning taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Taqdimot tadbirida Kinematografiya agentligi direktori Shuhrat Rizayev, O‘zbekiston animatsiya studiyalari assotsiatsiyasi rahbari Abdulatif Haydarov, yangi multfilmlar ijodiy g‘oyasi muallifi, prodyuser, ssenariy va qo‘shiqlar muallifi Gulchehra begim Mahmudova mamlakatimizda bolalar uchun milliy kontent yaratish masalasiga katta e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.

– 2025 yil yakunida o‘zbek animatorlari tomonidan ko‘plab animatsion filmlar taqdim etildi, – dedi Kinematografiya agentligi direktori Shuhrat Rizayev. – Zero,bolalarni milliy an’ana va qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalashda milliy animatsion filmlarning ahamiyati katta. Xususan, “Buyuk bobolarim bolaligi” turkum filmlar taqdimoti bo‘ldi. Shu bilan birga Bolalar kontentini rivojlantirish markazi buyurtmasi asosida “Lola Animation” studiyasida “Sehrlandiya” animatsion filmi yaratildi. Bugungi yangi filmlar taqdimoti ham bu boradagi yana bir muhim qadam bo‘ldi.
– Assotsiatsiya tarkibida bir qator ijodiy jamoalar Yangi yilga bolajonlar uchun tuhfa sifatida ko‘plab yangi multfilmlarni yaratdilar, – dedi O‘zbekiston animatsiya studiyalari assotsiatsiyasi rahbari Abdulatif Haydarov. – Taqdimoti o‘tkaziltgan 7 ta animatsion multfilmning har biri alohida jamoaga tegishlidir. Shulardan, “Buyuk Ipak yo‘li bo‘ylab sayohat” turkumida umumiy 24 ta film ishlash ko‘zda tutilgan bo‘lib, hozirda ularning to‘rttasi ishlandi. Filmlarning har biri 10-15 daqiqadan iborat. Bundan tashqari bolalarda ekologik madaniyatni yuksaltirish maqsadida 7 qismdan iborat animatsion filmlar ishlandi. “Qo‘zichoq va toychoq”, “Temurning bolaligi”, “Aqlli qizaloq”, “Chumchuqvoy va uning sarguzashtlari” nomli filmlarimiz tayyor bo‘ldi. Ularning rejissyorlari boshqa-boshqa, ammo umumiy assotsiatsiya tarkibidagi jamoalar tomonidan ishlandi. Hammamiz birgalikda bolalar uchun milliy kontent yaratish bo‘yicha birgalikda astoydil harakat qilayapmiz. Bu yo‘lda ijodkorlar juda katta mehnat qilishdi. 2026 yilda bu borada yanada ko‘proq filmlar yaratishni rejalashtirganmiz.

Bayramona ruhda o‘tkazilgan taqdimot tadbirida “Shiroq afsonasi”, “Spitamen va Iskandar”, “Aqlli qizaloq”, “Chumchuqvoy va uning sarguzashtlari”, “Eko qahramonlar”, “Qo‘zichoq va Toychoq”, “Temurning bolaligi” nomli animatsion filmlar namoyish etildi.
Har bir film bolalarda topqirlik, adolat, jasorat fazilatlarini kuchaytiradi. Tarixiy bilimlar beradi va ekologik ongni yuksaltiradi. Yangi animatsion filmlar g‘oyat yorqin ranglari, zavqli va jo‘shqin musiqasi, bolalar ongu shuurini ham zamonaviy, ham tarixiy bilimlar bilan boyitishga yo‘naltirilgani bilan ahamiyatlidir.

Nazokat Usmonova, O‘zA