English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Angrenda maktabdagi holat yuzasidan rasmiy munosabat bildirildi
17:06 / 2023-01-20

Angrendagi maktabga borgan va Angren shahar prokurori deya ta’kidlanilayotgan shaxsning o‘qituvchilarga munosabati internet tarmoqlarida keng salbiy muhokamalarga sabab bo‘ldi.

Holat yuzasidan Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi axborot xizmati rasmiy munosabat bildirdi.  

Unda ta’kidlanishicha, pedagog xodimlarni xizmat majburiyati bilan bog‘liq bo‘lmagan ishlarga jalb qilish taqiqlangan. Ushbu videolavha Bosh prokuraturaga yuborilgan va holat hozirda o‘rganilmoqda.  

Jamiyatda o‘qituvchining obro‘sini oshirishni har birimiz o‘zimizdan boshlashimiz lozim. Bu borada kattalar yoshlarga o‘rnak bo‘lishi va har doim  barchamizga bilim bergan ustozlarga hurmat bilan muomalada bo‘lishimiz shart.  

O‘rni kelganda, Prezidentimiz tomonidan o‘qituvchilarning nufuzini oshirish borasida qator topshiriqlar berilganini va  «O‘qituvchini hurmat qilmaganni men ham hurmat qilmayman» deganlarini alohida ta’kidlash lozim.  

Shuningdek, «Zo‘rlab ishlatish yoki majburiy mehnat to‘g‘risida»gi Konvensiyaning (Jeneva, 28.06.1930) 6-moddasiga asosan ma’muriyat amaldorlari, hatto ularning vazifasi ularga ishonib topshirilgan aholini qandaydir mehnat shakli bilan band qilishga ko‘maklashishdan iborat bo‘lsada, ushbu aholi yoki alohida shaxslarni xususiy shaxslar, kompaniyalar yoki tashkilotlar uchun ishlashga majbur qilishi mumkin emasligi belgilangan.  

Bundan tashqari, Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 10 maydagi «O‘zbekiston Respublikasida majburiy mehnatga barham berishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq, Bosh prokuraturaga O‘zbekiston Respublikasi hududida majburiy mehnatga yo‘l qo‘ymaslik sohasidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi yuzasidan nazoratni kuchaytirish, bu boradagi tekshiruvlar samaradorligini oshirish va majburiy mehnat holatlari aniqlanganda esa aybdor shaxslarga nisbatan tegishli javobgarlik choralarini qo‘llash tavsiya etilganligini eslatib o‘tamiz, deyiladi rasmiy munosabatda.  

Shunindek, maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova ijtimoy tarmoqlardagi sahifasi orqali o‘z munosabatini bildirdi.  

— Ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘lgan vaziyat yuzasidan Bosh prokuratura rahbariyati bilan gaplashdim, holat ayni damda nazoratga olingan va o‘rganilmoqda — deb yozdi vazir. — Prezidentimizning tegishli qarorlariga asosan pedagog xodimlarni xizmat majburiyati bilan bog‘liq bo‘lmagan ishlarga jalb qilish qat’iyan taqiqlanganini eslatib o‘taman. O‘qituvchi qadrlanmagan yurt hech qachon taraqqiy etmaydi. Shu bois barchadan, jumladan mutasaddi rahbarlarimizdan bugun davlatimiz rahbari tomonidan olib borilayotgan o‘qituvchilarni ulug‘lash va jamiyatda eng obro‘li inson qilish siyosatini qo‘llab-quvvatlab, bu borada eng avvalo o‘zimiz o‘rnak ko‘rsatishni so‘rab qolaman.  

Toshkent viloyati prokuraturasining ma’lum qilishicha, Angren shahar prokurori Ulug‘bek Xabiljonov faoliyatda yo‘l qo‘ygan xato va kamchiliklari uchun intizomiy jazoga tortildi.  

O‘zA