Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Angren quvur zavodi: eksport rejasi muddatidan avval bajarildi
11:40 / 2021-10-29

Qaror va ijro

Toshkent viloyatidagi Angren quvur zavodi tomonidan ishlab chiqarilayotgan mis quvurlariga yildan-yilga talab ortib borayapti. Buning sabablari mahsulotning sifatli bo‘lgani va aholining maishiy texnikalarga bo‘lgan ehtiyojining ortib borishidir.

Yil sayin mahsulot ishlab chiqarish hajmini oshirib borayotgan mehnat jamoasi tomonidan belgilangan vazifalar yorug‘ yuz bilan ado etib kelinmoqda. Zavod direktori Eryigit Sulaymonovning qayd etishicha, 2021 yilning 10 oyi davomida reja bo‘yicha 4 ming 600 tonna mis quvurlari ishlab chiqilishi belgilangan edi. Amalda esa 5 ming 76,5 tonna mahsulot tayyorlanib, reja 110 foizga uddalangan. O‘sish sur’ati esa 110 foizni tashkil etmoqda.

Tayyorlangan mahsulotlar asosan eksportga yo‘naltirilgan bo‘lib, oktyabr oyidayoq 2021 yil uchun belgilangan eksport rejasi muddatidan avval bajarilishiga erishildi. Xususan, rejadagi 2 ming 600 tonna mahsulot xorijlik xaridorlarga yuborilishi kerak edi. Amalda esa 4 ming 520,8 tonna mis quvurlari eksporti amalga oshirildi.

Hozir mis quvurlari nafaqat eksportga, balki mamlakatimiz ichki bozorida ham xaridorgir bo‘lyapti. O‘tgan davrda ichki bozorga 749,8 tonna mahsulot yetkazib berilgan. Zavod tomonidan rejaga ko‘ra, 365,5 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilishi belgilangan bo‘lsa, amalda 500 milliard so‘mlik mahsulot tayyorlangan. Shuningdek, 41 million AQSH dollarlik mahsulot xorijga, jumladan, Qozog‘iston, Rossiya Federatsiyasi, Ozarbayjon, Qirg‘iziston, Turkiya, Bolgariya va Belarus davlatlariga eksport qilinmoqda. Hozirda Misr va Germaniya davlatlariga eksport qilish masalasi ham ko‘rilyapti.

Odatda mis quvurlari maishiy texnika vositalari, isitish tizimlarida qo‘llaniladi. Yevropa davlatlarida ham bu sohalarda asosan mis quvurlaridan foydalanilmoqda. Sababi, ekologik toza, korroziyaga chidamli, 100 yil foydalanish imkoniyatga ega. O‘zidan zararli moddalar chiqarmaydi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 28 iyun kuni mis ishlab chiqarishni yanada rivojlantirish hamda sanoat klasterini tashkil etish masalalari yuzasidan yig‘ilish o‘tkazib, unda bir qator muhim vazifalar belgilab berildi. Jumladan, Prezidentimizning 2021 yil 24 iyundagi «Kon-metallurgiya sanoati va unga bog‘liq sohalarni rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori qabul qilinib, unga ko‘ra, Mis sanoati klasteri tashkil etilishi belgilandi. Maqsad, misni xomashyo sifatida sotish emas, balki misdan qo‘shimcha qiymatli turli xil mahsulotlar ishlab chiqarishni ko‘paytirishdir.

Ayni paytda misning qariyb 60 foizi xomashyo sifatida eksport qilinmoqda. Xalqaro ekspertlarning fikricha, elektromobillar, elektrotexnika va qayta tiklanuvchi energiya sohalarining rivojlanishi evaziga 2030 yilga borib dunyoda misga bo‘lgan talab 40 foizga oshishi kutilmoqda. Kombinatda Mis sanoati klasterini rivojlantirish xizmati ham tashkil etilib, zavod o‘rtasida hamkorlikda ish olib borilyapti. 2022 yilda yangi turdagi mahsulotlarni ishlab chiqarishni o‘zlashtirish ko‘zda tutilgan.

Zavodda bundan 5 yil avval turli hajm, qalinlik va diametrda 70-80 turda mahsulot ishlab chiqarilgan bo‘lsa, hozirda 180ga yaqin mahsulotlar tayyorlanmoqda. Mahalliylashtirish dasturi doirasida zavodda 2018 yilda ikki turdagi mahsulot ishlab chiqarilishi o‘zlashtirildi. Rossiya va Qozog‘istondan keltiriladigan kvadrat mis quvurlari va mis shtangalari zavodda ishlab chiqarila boshlandi. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, mis shtangasi ishlab chiqarishning o‘zidan yilliga 3 milliard so‘m mablag‘ iqtisod qilindi. Kvadrat mis quvurlarni ishlab chiqarish natijasida yiliga 5 milliard so‘mga yaqin mablag‘ tejalishiga erishilmoqda.

O‘zA