Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Angren ko‘mir havzasida qattiq yoqilg‘i zaxiralari yetarli
18:45 / 2022-12-28

“O‘zbekko‘mir” aksiyadorlik jamiyatida joriy yilda ko‘mir qazib olish rejasi 4800 ming tonna, iste’molchilarga mahsulot yetkazib berish rejasi 4494,0 ming tonna etib belgilangan. 2022 yil 27 dekabr holatiga ko‘ra, amalda ishlab chiqarilgan mahsulot 5 010 ming tonnadan, haqiqiy yetkazib berilgan yoqilg‘i 5230 ming tonnadan ortib ketdi.

Joriy yilning 27 dekabr kuni bir guruh ommaviy axborot vositalari vakillari ushbu aksiyadorlik jamiyati faoliyati bilan yaqindan tanishib, bu yilgi yutuqlar va  dolzarb vazifalar haqida atroflicha ma’lumot oldi.

Press-tur doirasida “Angren” ko‘mir koni dispetcherlik markazining majlislar zalida jurnalist va blogerlar uchun matbuot anjumani o‘tkazildi. Unda jamiyat bosh direktori o‘rinbosari Nurali Talabayev, bosh geolog Erkin Jo‘rayev, «Angren ko‘mir koni» filiali bosh muhandisi Sherzod Turg‘unov, bosh direktor matbuot kotibi Ne’mat Dushayev joriy yildagi natijalar va rejalar xususida so‘z yuritdi.

– “O‘zbekko‘mir” aksiyadorlik jamiyati uchun Angren ko‘mir havzasidagi konlar qattiq yoqilg‘ining asosiy manbai hisoblanadi. 2022 yilning o‘tgan davrida mazkur havzadagi “Angren” konidan 4 million 470 ming tonnadan ziyodroq ko‘mir qazib olindi. Bu rejaga nisbatan 106,8 tonnani tashkil etadi. “Shaxta usulida ko‘mir qazib olish” koni ham yillik rejasini barvaqt bajardi: reja bo‘yicha – 53216 tonna o‘rniga amalda 61145 tonnalik ko‘rsatkich qayd etildi. Ko‘mirni asosiy iste’molchilarga jo‘natish ham muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Hozirgacha topshiriq 128,6 foizga bajarildi, – dedi jamiyat bosh direktori o‘rinbosari Nurali Talabayev.

[gallery-10102]

Raqamlar tahliliga ko‘ra, ko‘mir qazib olish hajmi 2020 yilda  3 869,4 ming tonnani, 2021 yilda ‒ 4 781,2 ming tonnani, 2022 yilning 27 dekabriga qadar 5010 ming tonnani tashkil etdi. Iste’molchilarga jo‘natilgan ko‘mir mahsulotlari hajmi 2020 yilda 3 879,4 ming tonnaga, 2021 yilda  5 183,7 ming tonnaga, 2022 yilning 27 dekabr holatiga 5 211,8 ming tonnaga teng bo‘ldi. Byudjet tashkilotlari va aholi iste’molchilariga yetkazib berilayotgan ko‘mir mahsulotlari hajmida ham muttasil o‘sish kuzatilmoqda.

Ko‘mir mahsulotlarini byudjet tashkilotlari va aholi iste’molchilariga tarqatish “Ko‘mir ta’minot” MCHJga qarashli 89 ta hududiy ko‘mir ombori va 12 ta savdo shoxobchalari orqali amalga oshirilmoqda.

Matbuot anjumanida qayd etilganidek, jamiyat faoliyatida yutuqlar bilan birga muammolar ham yo‘q emas. Bu eng avvalo ishlab chiqaruvchi va iste’molchilar o‘rtasidagi munosabatlarga, qolaversa, ko‘mir qazib olishning o‘ziga xos jarayonlari, ko‘mir sifati masalasida iste’molchilar o‘rtasida ma’lumotlar yetarli emasligiga borib taqaladi. Shu ma’noda, tashkil etilayotgan press-turlar  ishlab chiqaruvchi, ta’minotchi va iste’molchi o‘rtasida sog‘lom munosabatni shakllantirishga xizmat qiladi.

Matbuot anjumanidan so‘ng jurnalistlar “Angren” ochiq konida ko‘mir qazib olish va iste’molchilarga mahsulot yuklash jarayoni bilan yaqindan tanishdi.

‒ Konda ishlab chiqarish va mahsulot yuklash bir maromda kechayu-kunduz davom etmoqda, – dedi “Angren ko‘mir koni” filiali bosh muhandisi Sherzod Turg‘unov. – Yakunlanayotgan yil oson kechmadi. Iste’molchilarga yoqilg‘i yetkazib berish yillik rejasini muddatidan avval bajarib, yuzimiz yorug‘ bo‘ldi. Jamiyatda egallangan besh million tonnalik marrani egallashda hissamiz eng ko‘p  4 700 ming tonna ekanligi bizga alohida g‘urur bag‘ishlaydi. Angren ko‘mir havzasida qattiq yoqilg‘i zaxiralari yetarli. Ammo uni qazib olish va yetkazib berish zarur. Kelgusi yil ham biz uchun oson kechmaydi. Mavjud imkoniyatlarni ishga solib, kon ochish ishlarini yanada jadallashtirishimiz zarur.

Nasiba ZIYODULLAEVA, O‘zA