Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Angren” koʻmir koni mahsulotlariga talab ortmoqda
18:57 / 2020-09-28

Xususan, 2020-2021-yillar kuz-qish davrida aholi va byudjet tashkilotlarini koʻmir bilan doimiy ravishda taʼminlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda.


Koʻmir qazib olish sanoati mamlakatimizni qattiq yoqilgʻi bilan taʼminlashda muhim oʻrin tutadi. Hozir koʻmirga boʻlgan talabning muttasil oshib borayotgani tizimdagi korxonalar zimmasiga yangi vazifalar yuklamoqda. Shu tufayli koʻmir briketi ishlab chiqarish, aholi va ijtimoiy soha muassasalariga koʻmir mahsulotlarini yetkazib berish tizimi tartibga solindi.

Xususan, 2020-2021-yillar kuz-qish davrida aholi va byudjet tashkilotlarini koʻmir bilan doimiy ravishda taʼminlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Mazkur jarayonlarning amaldagi holati qanday kechayotganini kuzatish maqsadida “Oʻzbekkoʻmir” AJ rahbariyati va Toshkent viloyati hokimligi tashabbusi bilan ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun Angren shahriga media-tur tashkil etildi.

Dastlab mutaxassislar tomonidan “Oʻzbekkoʻmir” AJning asosiy ishlab chiqarish koʻrsatkichlari va rejalari xususida atroflicha maʼlumot berildi. Jamiyat korxonalarida bugungi kunda olti mingdan ortiq xodim ishlaydi, ulardan ming nafari asosiy ishlab chiqarish jarayonida qatnashadi. Ayniqsa, “Angren” koʻmir koni Markaziy Osiyodagi eng yirik konlardan biri boʻlib, bu yerda qazib olinayotgan koʻmir respublikamiz iqtisodiyot tarmoqlari, byudjet tashkilotlari hamda aholi ehtiyojlari uchun yetkazib beriladi.

Media-tur ishchirokchilari konchilarning zahmatli mehnat faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Aksiyadorlik jamiyati faoliyati Angren koʻmir havzasi hududida amalga oshiriladi. Ushbu ishlab chiqarish hududida “Angren”, “Apartak” ochiq koʻmir konlari hamda shaxta usulida koʻmir qazib olish koni joylashgan. “Angren” koʻmir koni asosiy ishlab chiqarish maydoni hisoblanadi.

– Hozir konda qazib olish jarayoni 250 metr chuqurlikda olib borilmoqda, – deydi “Angren” koʻmir koni bosh energetigi Farrux Otajonov. – Buning uchun barcha zarur texnikalar jalb etilgan. Maxsus ekskavatorlar elektr toki orqali ishlaydi. Koʻmir konida ish toʻxtovsiz davom etadi. Ishchilarimizga buning uchun barcha sharoit yaratilgan, texnik xavfsizlik mutaxassislar tomonidan nazoratga olingan.

Jumladan, Angren va Yangi-Angren issiqlik elektr stansiyalari asosiy isteʼmolchilardir. Angren koʻmiri byudjet tashkilotlari va aholi ehtiyojlari uchun, shuningdek, birja orqali tadbirkorlik tuzilmalariga ham yetkazib berilmoqda.

Prezidentimiz raisligida joriy yil 18-sentyabr kuni ichimlik suvi taʼminoti va kanalizatsiya tizimini takomillashtirish, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlarini jadallashtirish masalalari boʻyicha oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida bu yil kuz-qish mavsumi uchun koʻmir mahsulotlarini gʻamlash va yetkazib berish boʻyicha chora-tadbirlar belgilangani alohida taʼkidlandi. Bu bejizga emas, albatta. Hozirgi pandemiya sharoitida bu chora-tadbirlar muhim ahamiyatga ega.

– Ayni paytda koʻmir konlarida ish qizgʻin, – deydi “Oʻzbekkoʻmir” AJ direktorining oʻrinbosari Aleksandr Korchagin. – Ushbu maqsadlar amalga oshishi uchun saʼy-harakatlar jadal olib borilyapti. Respublikamizning byudjet tashkilotlari uchun joriy yilning 1-noyabrigacha 405,4 ming tonna, aholi ehtiyojlari uchun 1-dekabrgacha 600 ming tonna koʻmir yetkazib berish rejalashtirilgan.

“Angren" va “Apartak” ochiq konlarida qazib olinadigan koʻmir faqat respublika ehtiyojlari uchun ishlatiladi. Kelajakda korxonaning vazifalari qatoriga koʻmir qazib olish hajmini oshirish, sifatini yaxshilash va mahsulot tannarxini pasaytirish kiradi.

Hozirgi kunda “Oʻzbekkoʻmir” AJ rahbariyati yirik loyihalarni amalga oshirmoqda. Media-tur davomida mutaxassislar “Angren” ochiq konini rivojlantirishga katta sarmoyalar kiritilayotgani toʻgʻrisida gapirib berdi. Ushbu mablagʻlarga maxsus uskunalar, jumladan, siklli oqim texnologiyalari va yirik “BelAZ” samosvallari sotib olinadi.

Tadbir davomida jurnalistlar koʻmir qatlamini ochish va qazib olish, saralash jarayonlari bilan yaqindan tanishdi.