Termizda sportning stol tennisi turi bo‘yicha “Mahalla kubogi” musobaqasining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.
“Mahalla” xayriya jamoat fondi Surxondaryo viloyat bo‘limi, viloyat sportni rivojlantirish bosh boshqarmasi, viloyat stol tennisi federatsiyasi hamkorligida o‘tkazilgan bellashuvda 13-16 yoshdagi o‘smirlar o‘zaro kuch sinashdi.
Mamlakatimizda sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etib, sportning ommaviyligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu jarayonda “Mahalla” xayriya jamoat fondi ham ishtirok etib, yosh avlodni jismonan sog‘lom, ma’nan yetuk etib tarbiyalashga munosib hissa qo‘shmoqda.
Joriy yil o‘tgan davrida fondning viloyat bo‘limi va tuman, shahar bo‘linmalari hamkor tashkilotlar bilan “Mahalla kubogi” sport bellashuvlari doirasida yuzdan ortiq musobaqa uyushtirib, mahalla yoshlarini jalb etdi. Jumladan, stol tennisi musobaqasining tuman va shahar bellashuvlarida 700 ga yaqin o‘g‘il-qiz o‘zaro kuch sinashib, ularning 65 nafari viloyat bosqichiga yo‘llanma oldi.
– Sportning futbol, voleybol, shaxmat-shashka, stol tennisi, kurash, arqon tortish, nishonga otish, yugurish va boshqa turlari bo‘yicha o‘tkazilgan tuman, shahar bellashuvlari ham qizg‘in bahslarga boy bo‘ldi, – deydi “Mahalla” xayriya jamoat fondi viloyat bo‘limi boshqaruvi mas’ul xodimi Oltiboy Astanaqulov. – Yil boshida mahallalarda boshlangan mazkur musobaqalarning viloyat bosqichi ham juda qiziqarli bo‘ldi. G‘olib jamoalar va sovrinli o‘rinlarni egallayotgan eng chaqqon sportchilarni munosib taqdirlayapmiz.
Stol tennisi bo‘yicha “Mahalla kubogi” musobaqasining viloyat bosqichida faxrli birinchi o‘rinni Angor tumani yoshlari egallab, mamlakat bellashuvida ishtirok etish huquqiga ega bo‘ldi. Ikkinchi va uchinchi o‘rinlar Uzun hamda Termiz tumani yosh sportchilariga nasib etdi.
G‘oliblarga jamoat fondining esdalik sovg‘alari topshirildi.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA