Angliyaning Liverpul shahrida 4-14 sentyabr kunlari “World Boxing” tashkiloti tomonidan ilk marotaba tashkil etilgan kattalar o‘rtasidagi jahon chempionatida O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari 6 oltin, 2 kumush va 3 bronza medalini qo‘lga kiritdi.
Bugun erta tongda Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida O‘zbek boks maktabining g‘alabali damlarini yana bir karra jahonga namoyish etgan bokschilarimiz tantanali kutib olindi.
Kutib olish marosimda O‘zbekiston Respublikasi sport vaziri Adham Ikromov, mamlakatimiz boks federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari Saken Polatov, Milliy olimpiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Sherzod Toshmatov, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Dunyoning 60 mamlakatidan 500 nafar charm qo‘lqop ustalari qatnashgan jahon chempionatida mahoratli bokschi yoshlarimiz Abdumalik Xaloqov, Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev, Fazliddin Erkinboyev, Javohir Ummataliyev, Akmaljon Isroilov va To‘rabek Habibullayev o‘z vazn toifalarida oltin medalni qo‘lga kiritdi.
Navbahor Hamidova hamda Jahongir Zokirov finalga qadar o‘tgan bellashuvlarda zafar quchib, delegatsiyamiz hisobiga kumush medalni taqdim qildi. Sabina Boboqulova, Feruza Kazakova hamda Aziza Zokirova bronza medali bilan taqdirlandi.
Jahon chempionatining erkaklar o‘rtasidagi janglarida 6 ta oltin va bitta kumush medalga ega chiqqan O‘zbekiston erkaklar terma jamoasi medal jamg‘arishda 1-o‘rinni, umumjamoa hisobida esa 60 ta davlat orasida 2- o‘rinni egalladi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/GDV__KiqnKk" title="Angliyada O‘zbek boks maktabi qudrati namoyish etildi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>To‘lqin Ro‘ziyev, Javohir Toshxo‘jayev (video), O‘zA