French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Angliya uchun bugun tarixiy kun bo‘lishi mumkin
15:56 / 2024-07-14

Bugun tunda Germaniyaning Berlin shahridagi «Olimpiya» stadionida Yevropa chempionatining so‘nggi hal qiluvchi final bosqichi uchrashuvida Ispaniya va Angliya terma jamoalari o‘zaro raqobatlashadi. Ushbu uchrashuv Toshkent vaqti bilan 14 iyul kuni soat 23:59 da boshlanadi.

Har ikki terma jamoaning bu yilgi chempionatda finalga qadar bosib o‘tgan yo‘li qanday bo‘ldi?  

Chempionat davomida o‘zgacha uslubda o‘yin o‘tkazgan, hattoki, bir marotaba durang qayd etmagan Ispaniya termasi «B» guruhida 9 ochko bilan nimchorak finalga chiqdi. Jamoa guruh bosqichida Xorvatiyani 3:0, Italiyani va Albaniyani 1:0 hisobida yengdi. 1/8 final o‘yinida Gruziya ustidan 4:1 hisobida zafar quchdi.  

Chorak final bosqichida musobaqa mezboni Germaniya bilan to‘qnash keldi. Ushbu o‘yin chin ma’noda final oldidan final bo‘ldi. Ispaniya mazkur uchrashuvda musobaqaning eng kuchli jamoasi deya e’tirof etilgan Germaniyani 2:1 hisobida taslim qilishni uddaladi. Yarim finalda esa Fransiya ham 2:1 hisobida taslim etildi.

Angliya bu yilgi chempionatda juda zerikarli o‘yin namoyish etdi. Buning natijasida hatto jamoa muxlislari guruh bosqichidan chiqa olmasligiga ham o‘zlarini ishontira boshladi. «C» guruhidan joy  olgan Angliya birinchi turda Serbiyani 1:0 hisobida yengdi. Daniya bilan 1:1, Sloveniya bilan esa 0:0 hisobida durang qayd etdi va 5 ochko bilan birinchi o‘rinda pley-offga yo‘l oldi.

Nimchorak finalda Angliya qo‘shimcha daqiqalarga qadar davom etgan Slovakiyaga qarshi kechgan o‘yinda 2:1 hisobida zafar quchdi. Chorak finalda esa Shveysariya bilan 1:1 hisobida durang qayd etdi va penaltilar seriyasida 5:3 hisobida zafar quchdi. Yarim final uchrashuvida Niderlandiya 2:1 hisobida angliyalik futbolchilar tomonidan mag‘lub etildi.  

Shu tariqa, har ikki jamoa finalga yetib keldi.

Endi esa Ispaniya va Angliya termalarining o‘zaro o‘yinlar statistikasiga e’tibor qaratamiz. Bu jamoalar turli musobaqalarda jami 27 marotaba o‘zaro to‘qnash kelgan. Aniqrog‘i, 19 ta o‘rtoqlik, Millatlar ligasi, Yevropa va jahon chempionati hamda Yevropa chempionati saralash bosqichi doirasida ikkitadan o‘yin o‘tkazgan. Jami uchrashuvlarning 10 tasi ispaniyaliklar g‘alabasi bilan yakunlangan bo‘lsa, 13 ta bahs angliyaliklar foydasiga hal bo‘lgan. Qolgan 4 uchrashuv durang bilan yakun topgan. Jamoalarning ilk bahsi 1929 yilda, so‘nggi o‘yin esa 2018 yilda tashkil etilgan. Yevropa chempionatlaridagi so‘nggi o‘yin 1996 yili Angliyada bo‘lib o‘tgan, o‘shanda jamoalar chorak finalda to‘qnash kelgan. 0:0 hisobida durang qayd etilib, penaltilar seriyasida mezbonlar 4:2 hisobida g‘alabani ilib ketgan. Ko‘rib turganingizdek, o‘zaro o‘yinlardagi statistika va raqamlarda Angliya terma jamoasi oldinda.  

Biroq Yevropa chempionatida Ispaniya 1964, 2008 va 2012 yillarda bosh sovrinni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, 1984 yili kumush medal bilan taqdirlangan. Angliya 1968 va 1996 yilda bronza, 2020 yilgi chempionatda kumush medal bilan taqdirlangan.  

Ha, bu galgi final shiddatli o‘tishi kutilmoqda. Ko‘ramiz, mazkur final o‘yinida Ispaniya terma jamoasi 12 yil avvalgi g‘alabani qaytara oladimi yoki Angliya Yevropa chempioni degan e’tirofga ilk marotaba sazovor bo‘ladimi?  

Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA