Ko‘hna qit’aning top-5 chempionatlari qizg‘in pallada. Ayniqsa, yurtimiz futbol ishqibozlari Angliya Premer-ligasi o‘yinlarini katta qiziqish bilan kuzatishmoqda. Chunki terma jamoamiz a’zosi Abduqodir Husanov “Manchester siti” tarkibida ajoyib mavsum o‘tkazyapti.
Kuni kecha Angliya Premer-ligasida 27-tur uchrashuvlari o‘z yakuniga yetdi. Kutilganidek, ushbu turda chempionlik uchun asosiy da’vogar hisoblangan "Arsenal" va ushbu jamoani ta’qib qilayotgan "Manchester Siti" zafar quchdi. Shuningdek, "Liverpul" hamda "Manchester Yunayted" jamoalari raqiblarini taslim qilgan bo‘lsa, "Chelsi" durang o‘ynadi.
Qayd etilgan natijalardan so‘ng, Mikel Arteta qo‘l ostidagi “Arsenal” 61 ochko bilan turnir jadvalida peshqadamlik qilayotgan bo‘lsa, “Manchester Siti” 56 ochko jamg‘arib, ikkinchi o‘rindan joy olgan. Kuchli uchlikni esa 51 ochkoga ega "Aston Villa" jamoasi yakunlab bermoqda.

Liganing to‘rtinchi pog‘onasi 48 ochko jamg‘argan "Manchester Yunayted"ga tegishli bo‘lib turibdi. "Chelsi" va "Liverpul" esa bir xil 45 ochko bilan 5-6 o‘rinni egallagan. 7-10 pog‘onalarda "Brentford" 40, "Bornmut" 38, "Everton" va "Fulhem" 37 ochko bilan joy olgan.
Chempionatda “Nyukasl" va "Sanderlend" 36, "Kristal Pelas" 35, "Brayton" 34, "Lids" 31, "Tottenhem" 29, "Nottingem Forest" 27 ochko jamg‘arib, 11-20 o‘rinlarni band etdi. Shuningdek, "Vest Xem" 25, "Byornli" 19 va "Vulverxempton" 10 ochko bilan quyi pog‘onalarda bormoqda.

Angliya Premer-ligasining 28-tur uchrashuvlari 28 fevlar kuni boshlanib, 1-mart sanasigacha davom etadi. Mazkur turda quyidagi bahslarga guvoh bo‘lamiz:
28-fevral, shanba: "Vulverxempton" — "Aston Villa", "Bornmut" — "Sanderlend", "Liverpul" — "Vest Xem", "Nyukasl" — "Everton", "Bernli" — "Brentford", "Lids" — "Manchester Siti";
1-mart, yakshanba: "Brayton" — "Nottingem Forest", "Fulhem" — "Tottenhem", "Manchester Yunayted" — "Kristal Pelas", "Arsenal" — "Chelsi".
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA