FOTOREPORTAJ
Navoiy viloyati Xatirchi tumanining Angidon qishlog‘i so‘lim tabiati bilan sayyohlar e’tiboriga tushgan. Joriy yilning o‘tgan 7 oyi davomida bu yerga 50 mingga yaqin mahalliy, 2 ming nafar xorijiy sayyoh tashrif buyurgan.
Viloyat markazidan 100 kilometr, tuman markazidan 45 kilometr uzoqlikda, baland tog‘lar orasida joylashgan qishloqning tabiati, toza havosi, milliy taomlari va hayoti mahalliy va xorijiy sayyohlarni doim maftun etgan.
[gallery-25568]
Manzilda 15 ta oilaviy mehmon uyi, 12 ta dam olish maskani hamda 12 turdagi turizm xizmatlari tashkil etilgan. Bu 200 ga yaqin ishsiz aholi, jumladan xotin-qizlarning ish bilan bandligini ta’minlagani bilan ham ahamiyatli. Bugungi kunda qishloqda 20 dan ortiq tadbirkorlik sub’ekti mavjud.
Angidonda sayyohlar uchun gid xizmati, etnik animatsion xizmat, folklor ijrosi, hunarmandchilik, baliq ovlash, milliy taomlar tayyorlovchi gastro xonadonlar, uy muzeylari xizmati, otda sayr xizmati, agroturizm xizmati (sigir va echki sog‘ish), echki sutidan tayyorlangan qurt va sut mahsulotlari tayyorlash va ularning savdosi xizmatlari tashkil etilgan.
Siroj ASLONOV (surat), O‘zA