Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Anevrizmalarni jelatin gidrogeli bilan davolash tavsiya etildi
19:35 / 2022-09-22

Avvallari anevrizmani davolash uchun klassik jarrohlik usuli qo‘llanilgan. Operatsiyaning mohiyati tomirning shikastlangan qismini kesib tashlash va uning o‘rniga plastik protez yoki tananing boshqa qismidagi qon tomiri bo‘lagini qo‘yishdan iborat bo‘lgan.

Terasaki biotibbiyot innovatsiyalar instituti (TIBI) mutaxassislari guruhi tomonidan anevrizmani davolashda yangi yondashuv taklif qilindi. Bunda in’eksiya muolajasi uchun jelatin gidrogeli yaratildi. Ularning ilmiy ishi ACS Applied Materials & Interfaces jurnalida chop etildi.

Anevrizmalar - arteriya yoki vena tomirining yupqalashishi yoki cho‘zilishi tufayli devorlarning bo‘rtib chiqishi natijasida qon tomirlarining shishishi va yorilishiga olib keladi. Odatda bu kasallik tomir to‘liq tuzalib ketgunga qadar zararlangan hududdagi arterial oqimni to‘sib qo‘yadigan dori vositalarini kateter orqali yuborish bilan davolanadi. Terapiyaning boshqa usullari mavjud bo‘lishiga qaramay, ularning barchasida muayyan noqulayliklar uchrab turadi.

Yangi texnologiya chidamliligi oshirilgan gidrogelni in’eksiya orqali qo‘llashga mo‘ljallangan bo‘lib, kuchli pulsatsiyalanuvchi qon oqimining ta’siriga dosh berish imkonini beradi. Yuboriladigan vositaga shuningdek, gelni mexanik ta’sir ostida siljitganda ham joyida ushlab turadigan nanozarrachalar va yuqori faol birikmalar qo‘shildi.

Laboratoriya tadqiqotlarining dastlabki natijalari olimlarni xursand qildi.

To‘rt kun davomida o‘tkazilgan tajribalar vaqtida ishlanma in’eksiya imkoniyatini saqlab qolgan holda suyuqliklarni parchalamasdan ushlab turishda yuqori samaradorlikni ko‘rsatdi. Dori vositasi hujayra shikastlanishi yoki eritrotsitlar lizisiga olib kelmadi, bu esa undan qon-tomir kasalliklarini davolashda foydalanish xavfsiz ekanligini bildiradi.

Roman BONDARCHUK, O‘zA