Nukusda “Chirana Asia – 2023” – mamlakatimiz anesteziolog va reanimatologlarining birinchi ta’lim forumi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vaziri M.Qurbanov, O‘zbekiston Respublikasi bosh anesteziolog-reanimatologi, tibbiyot fanlari doktori, professor J.Sabirov va boshqalar so‘zga chiqib, mamlakatimizda so‘nggi yillarda tibbiyot sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish borasidagi yangiliklar, shuningdek ilk bor o‘tkazilayotgan forumning ahamiyatiga to‘xtalishdi.
Forum doirasida “Zamonaviy behushlik metodologiyasi”, “O‘pkalarni sun’iy vintellash apparatlari qurilmasi, xususiyatlari va imkoniyatlari”, “Ventilyatsiyani qo‘llab-quvvatlash usullari va rejimlari” mavzularida bayonotlar tinglanib, mahorat saboqlari o‘tkazildi.
O‘zbekistonda milliy brend ostida behushlik-nafas olish uskunalari ishlab chiqaruvchisi CHIRANA ASIA mas’uliyati cheklangan jamiyati qo‘shma korxonasi tomonidan amalga oshirilayotgan yangi turbinali sun’iy o‘pka vintellash apparati loyihasining taqdimoti o‘tkazildi. Mazkur loyiha O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi innovatsion rivojlanish agentligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi ko‘magida, O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi tibbiyot xodimlarining malakasini oshirish markazi va Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining Nukus filiali ishtirokida amalga oshirilmoqda.
Loyiha tashabbuskori, taniqli tadbirkor va O‘zbekistonda innovatsion texnologiyalarni joriy etish bilan shug‘ullanuvchi CHIRANA ASIA asoschisi Vasiliy Yur’evich Shimkoning so‘zlariga ko‘ra, milliy brend ostida yangi noyob ventilyator yaratish respublikaning tibbiy asbobsozlik sohasini rivojlantirish uchun kuchli rag‘bat va ishonchli qadam bo‘ladi.
Qurilma ustida ishlashga O‘zbekiston va Rossiya konstruktorlari, muhandislari, dasturchilari, sanoat dizaynerlari, marketologlarining nufuzli jamoasi jalb etilgan. Yangi qurilmaga sun’iy intellektni boshqarish va nazorat qilish, o‘pkaning og‘ir shikastlanishi bo‘lgan bemorlarni davolash uchun ko‘p darajali shamollatish opsiyasi, terapevtik va yordamchi shamollatish rejimlarini sozlash imkoniyati beriladi.
Ikki kun davom etgan tadbirda Toshkent shahridan, viloyatlardan va Qoraqalpog‘iston Respublikasidan tashqari Rossiya Federatsiyasidan ham taniqli professor-o‘qituvchilar, anesteziolog-reanimatologlar ishtirok etdi.
– Anjumanda yangi davolash uslublari, sun’iy nafas berish, narkoz uskunalarini ishlatish tartibi yuzasidan ma’lumotlarga ega bo‘ldik, – deydi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi U.Xalmuratov nomidagi respublika ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi bo‘limi mudiri Bahodir Satbayev. – Yaqin kunlarda mamlakatimiz anesteziolog va reanimatologlari “CHIRANA ASIA” mas’uliyati cheklangan jamiyati qo‘shma korxonasi tomonidan ishlab chiqarilayotgan zamonaviy tibbiy asbob-uskunalardan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
[gallery-11871]
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, yangi apparatning tajriba namunasini chiqarish 2023 yil oxiri – 2024 yil boshida rejalashtirilgan.
Forum ishtirokchilari tibbiyot sohasini yanada rivojlantirish borasida hamkorlik yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.
Dovud ABIBULLAEV,
Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA