Bugun Samarqand shahridagi Registon maydonida konsert dasturi namoyish etiladigan jahon opera yulduzi Andrea Bochelli yirik madaniy dastur oldidan “FIDE Grand Swiss” xalqaro musobaqasida qatnashish uchun Samarqandga kelgan shaxmatchi bolalar bilan uchrashdi.
Italiyalik san’atkor xalqaro turnirda ishtirok etadigan “Wunderkind”, “Sky Chess”, “Royal Chess”, “Grandmaster” jamoalari shaxmatchilari bilan dildan suhbatlashdi. Yosh shaxmatchilar ijod va sport haqidagi savollariga javob olishdi.

Andrea Bochelli o‘z navbatida yoshlar orasida sport va madaniyatning rivojlanishi muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi. U shaxmat ixlosmandi sifatida bu sport turi inson tafakkurini, musiqa esa ruhiyatni boyitishini aytib, yosh sportchilarga omad tiladi.

Eslatib o‘tamiz, Andrea Bochelli konserti O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi, O‘zbekiston Milliy banki hamda “O‘zsanoatqurilishbank” ko‘magida tashkil etilmoqda.

G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari