English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Andijonning eng namunali mahalla raislari
15:19 / 2024-03-12

“Eng namunali mahalla raisi” respublika tanlovining Andijon viloyati bosqichi bo‘lib o‘tdi. Unda tanlovning tuman, shahar bosqichlarida g‘olib bo‘lgan 16 ta mahalla raisi qatnashdi.

Keng jamoatchilik vakillari ishtirokida tanlov ochilishiga bag‘ishlangan tadbirda so‘z olganlar tomonidan mahalla tizimi jamiyatda muhim o‘rin tutishi, shu bilan birga, mahalla qadimdan tarbiya o‘chog‘i, odamlarning hamjihatlik, uyushqoqlik asosida turmush kechirishlarini ta’minlovchi go‘sha ekanligi ta’kidlandi. Shuningdek, xalqimizning milliy qadriyatlari, urf-odatlari ulug‘lanadigan o‘ziga xos tarbiya va boshqaruv maskani bo‘lganligi aytib o‘tildi, ana shu maskanning yetakchisi – mahalla raisining o‘rni, roli hamda nufuzini oshirishda “Eng namunali mahalla raisi” tanlovi muhim ahamiyat kasb etishi alohida qayd etildi.    

[gallery-16355]

Haqiqatdan ham mahalla raisi boy hayotiy tajribaga ega, aholi o‘rtasida katta hurmat-e’tiborga sazovor bo‘lgan, bilimdon, adolatli, mahalla ahlini ezgu ishlarga ergashtira olishdek yuksak fazilatlar sohibi bo‘lishi muhimdir. Bo‘lib o‘tgan tanlov jarayonida mahalla raislarining ana shu jihatlariga, shuningdek, ularning mahalladagi muammolarni bartaraf etish, qonunchilikdagi sohaga va faoliyatiga oid hujjatlardan qay darajada xabardorligi, tashkilotchi hamda tashabbuskorligi, umuman, turli yo‘nalishlar bo‘yicha mahallaning ijobiy ko‘rsatkichlariga alohida e’tibor qaratildi.  

Yakuniy natijalariga ko‘ra, Xonobod shahridagi "Yangi hayot" mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Azizaxon Abduqahhorova birinchi o‘rinni qo‘lga kiritib, tanlovning mamlakat bosqichiga yo‘llanma oldi.  

– Mahallamizdagi mingdan ortiq xonadonda 3 ming 500  nafardan ziyod aholi istiqomat qiladi, – deydi tanlov g‘olibasi Azizaxon Abduqahhorova. – Mahalla turizm va sanoat sohasiga ixtisoslashgan. Hududda ikkita zamonaviy dam olish maskani, yirik ishlab chiqarish korxonalari samarali ishlamoqda. Bundan tashqari, o‘ndan ortiq  mehmon uy, yigirmaga yaqin savdo do‘koni, sartaroshxona, xizmat ko‘rsatish shoxobchalari faoliyat yuritmoqda. Ularda asosan mahalla aholisi, yoshlari ish bilan band. Umuman, belgilangan barcha yo‘nalishlardagi ishlarni namunali tashkil etganmiz, ayniqsa, “mahalla yettiligi”ning hamkorligi yaxshi yo‘lga qo‘yilgan.  

Tanlovda g‘olib bo‘lganligim, bu nafaqat mening, balki “mahalla yettiligi”, faollari, umuman, mahalla ahli tomonidan olib borilgan ishlarning samarasidir. Nasib etsa, tanlovning respublika bosqichida ham munosib ishtirok etishga, g‘oliblar qatoridan joy olishga harakat qilaman.    

Tanlovda ikkinchi o‘ringa Marhamat tumanidagi Dukchi Eshon mahallasi raisi Abdumuxtor Davlatov, uchinchi o‘ringa Izboskan tumanidagi Urganji mahallasi raisi Nafosat Mahkamova sazovor bo‘ldi.  

G‘olib, sovrindor va barcha ishtirokchilar tanlov tashkilotchilari tomonidan pul mukofoti, esdalik sovg‘alar bilan taqdirlandi.  

 

F. Ubaydullayev,  

Z.Umrzoqov (surat),  

O‘zA muxbirlari