Andijonda “Ishbilarmon ayol – 2021” respublika ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Keng jamoatchilik vakillari ishtirokida Savdo-sanoat palatasi Andijon viloyati hududiy boshqarmasida o‘tkazilgan tadbirda mamlakatimizda xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, ayniqsa, ayollar tadbirkorligini rivojlantirish, ishbilarmon xotin-qizlar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilayotganligi ta’kidlandi.
Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston liberal-demokratik partiyasi Andijon viloyati kengashi tomonidan kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishda tadbirkor, fermer hamda hunarmand xotin-qizlarning faol ishtirokini ta’minlash, ishbilarmon xotin-qizlar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish maqsadida o‘tkazilgan tanlovda uning tuman va shahar bosqichlarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan 16 nafar ishbilarmon ayolning faoliyati bo‘yicha taqdim etilgan hujjatlar, shuningdek, ular tomonidan tashkil etilgan ko‘rgazmalar ko‘rib chiqildi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, belgilangan shartlar asosida eng yuqori baho olgan Baliqchi tumanidagi “Sardor Ziyo Market” mas’uliyati cheklangan jamiyat rahbari Nigoraxon Yusupova g‘olib deb topilib, tanlovning mamlakat bosqichida qatnashish huquqini qo‘lga kiritdi.

– Men kabi ko‘plab tadbirkor opa-singillarimizga rag‘bat berayotgan ushbu tanlovda g‘olib bo‘lganligimdan behad mamnunman, – deydi tanlov g‘olibasi N. Yusupova. – 2017 yilda tadbirkorlik faoliyatimni boshlaganman. O‘tgan yillar mobaynida 5 ta xususiy maktabgacha ta’lim muassasasi, mebel, gulqog‘oz ishlab chiqaruvchi sexlar faoliyatini yo‘lga qo‘ydim. Tumanda asalarichilikda o‘ziga xos maktab yaratdik. Bundan tashqari, ichki turizmni rivojlantirsh bo‘yicha ham muayyan yutuqlarga erishdik.
Faol va tadbirkor ayollar faoliyati, ularning ilg‘or tajriba va ish uslublari bilan tanishish imkonini beruvchi ushbu tanlovda g‘olib bo‘lish menga katta mas’uliyat yuklaydi, yanada shijoat bilan mehnat qilishga undaydi.
Tanlovda ikkinchi o‘rin Andijon shahridagi "Malikalar maktabi" o‘quv markazi raxbari Xonzodabegim Ahmadjonovaga, uchinchi o‘rin esa Bo‘ston tumanida ish olib borayotgan milliy kashtachilik ustasi, hunarmand Minuraxon Tantashevaga nasib etdi. Shuningdek, tanlovda qator nominatsiyalar bo‘yicha ham g‘oliblar aniqlandi.
G‘olib va sovrindorlar tanlov tashkilotchilari tomonidan diplom, tashakkurnoma hamda esdalik sovg‘alar bilan taqdirlandi.
F. UBAYDULLAEV, Z. UMRZOQOV (surat), O‘zA