Keyingi yillarda mamlakatimizda tomorqachilikni rivojlantirish, tomorqadan samarali foydalanish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Chunki dehqon xo‘jaliklari, tomorqa yer uchastkalaridan samarali foydalanish, shu orqali yurtdoshlarimizning real daromadini oshirish, xalqimiz turmush farovonligini yuksaltirish muhim omillardan biri hisoblanadi. Ana shundan kelib chiqib, bu borada Andijon viloyatida e’tiborga molik ishlar olib borilmoqda.

Aholi tomorqalaridan samarali foydalanish maqsadida joriy yil boshidan viloyatda 564 mingta xonadondagi 25,6 ming gektar tomorqa yerlarining 60 foizida uch martadan, qolgan 40 foizida ikki martadan hosil olish tizimini yaratish hisobiga olinadigan hosil miqdorini har yilgiga nisbatan ikki barobarga oshirish choralari ko‘rildi.
Natijada jami 935 ming tonna, shundan 627 ming tonna sabzavot, 50 ming tonna poliz, 165 ming tonna kartoshka, 18,5 ming tonna dukkakli, 1,1 ming tonna moyli va boshqa ekin turlaridan 72 ming tonna hosil olish hisob-kitob qilingan.

Aholi tomorqalaridan ikki va uch marta hosil olishni ta’minlash maqsadida, 5 ming 592 ta xonadonda umumiy maydoni 70 gektar bo‘lgan issiqxonalar tashkil etildi. Birgina joriy yilning ikkinchi choragida 8,5 mingga yaqin xonadonda 110 gektar maydonga issiqxonalar barpo etildi.
Tomorqa egalarining samarali mehnati, intilishi, izlanishi bilan nafaqat ularning o‘zlari, balki jamiyat manfaat ko‘rmoqda. bugungi kunga kelib, aholi xonadonlaridagi tomorqalarning aksariyatidan ikki martadan hosil olindi. Ayni kunlarda uchinchi hosil uchun ekinlar ekilmoqda.

Tomorqadan unumli foydalanish borasida olib borilayotgan ibratli ishlar samarasi o‘laroq, xalqimiz dasturxoni to‘kinligi ta’minlanmoqda, aholining turmush farovonligi yuksalmoqda.

F. Ubaydullayev,
Z. Umurzoqov (surat),O‘zA