"Professional futbol maktablari ligasi" doirasida 15 va 17 yoshli futbolchilar o‘rtasida o‘tkazilgan mamlakat chempionatida Andijon futbol mahorat maktabi jamoasi g‘olib bo‘ldi.
Ma’lumki, keyingi yillarda yurtimizda millionlar o‘yini hisoblangan futbolga, xususan bolalar futboli rivojiga katta e’tibor qaratilmoqda. Prezidentimiz tashabbusi bilan mamlakatimizda futbolni rivojlantirish, futbol klublari, ixtisoslashtirilgan futbol maktablarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.
Andijon viloyatida ayni kunda Andijon futbol mahorat maktabi, Andijon olimpiya zaxiralari maktab-internati, Olimpiya va milliy sport turlariga ixtisoslashgan maktab-internati, shuningdek, tuman va shahar bolalar va o‘smirlar futbol maktablarida 4,5 ming nafarga yaqin bolalar va o‘smirlar tahsil olmoqda. Bolalar futboliga ko‘rsatilayotgan e’tibor tufayli andijonlik yosh futbolchilar erishayotgan muvaffaqiyatlar salmog‘i ortib bormoqda. Buni "Professional futbol maktablari ligasi" doirasida o‘tkazilgan O‘zbekiston chempionati o‘yinlari misolida ham ko‘rish mumkin.

"Professional futbol maktablari ligasi" doirasida U-15 jamoalari ishtirokida Namangan shahrida bo‘lib o‘tgan mamlakat chempionatining final uchrashuvida Andijon viloyati jamoasi mezbon jamoa – Namangan viloyati vakillari bilan kuch sinashdi. O‘yinning asosiy vaqti 1:1 hisobida yakunlangach, turnir g‘olibi penaltilar seriyasida aniqlandi. Penaltilar bo‘yicha andijonlik yosh futbolchilar 4:2 hisobida g‘alabaga erishdi.

Toshkent shahrida U-17 jamoalari o‘rtasida o‘tkazilgan musobaqalar finalida esa Andijon viloyati jamoasi Samarqand viloyati vakillari ustidan 2:0 hisobida g‘alaba qozonib, chempionlik unvonini qo‘lga kiritdi.
F. UBAYDULLAEV, Z. UMRZOQOV (surat), O‘zA