English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Andijonlik yigitlar muddatli harbiy xizmatga jo‘nab ketdi
17:46 / 2021-04-05

Andijonda muddatli harbiy xizmatga chaqirilgan yigitlarni harbiy xizmatga kuzatishga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.

Prezidentimizning 2021 yil 11 fevraldagi "O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining muddatli harbiy xizmatga navbatdagi chaqiruvi hamda belgilangan xizmat muddatini o‘tab bo‘lgan muddatli harbiy xizmatchilarni qurolli kuchlar rezerviga bo‘shatish to‘g‘risida"gi qaroriga asosan, 600 nafardan ziyod andijonlik yigitlar harbiy xizmatga kuzatildi.  

Kuzatuv marosimida viloyat hokimligi, mudofaa ishlari, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmalari, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat kengashi va boshqa jamoat tashkilotlari vakillari, nuroniylar, harbiy xizmatchilar va bo‘lajak askarlarning ota-onalari ishtirok etdi.  

Tadbirda so‘z olgan viloyat Mudofaa ishlari boshqarmasi boshlig‘i, podpolkovnik Doniyorbek Po‘latov, mudofaa ishlari boshqarmasi huzuridagi jamoatchilik kengashi raisi O‘ktamjon Oxunov va boshqalar tomonidan harbiy sohada amalga oshirilgan islohotlar, milliy armiyamizning jangovar salohiyatini oshirish, Vatan himoyasi, yurtimiz tinchligi, sarhadlarimiz daxlsizligini ta’minlash har bir yigit uchun muqaddas burch ekanligi, mamlakatimizda yigitlarning harbiy xizmatni o‘tashlari uchun zarur barcha sharoitlar yaratib berilganligi ta’kidlandi.

– Keyingi yillarda harbiy xizmatga chaqirilayotgan yigitlarni tantanali ravishda kuzatish yaxshi an’anaga aylandi, – deydi viloyat harbiy faxriylar kengashi raisi, iste’fodagi podpolkovnik Mutalibjon Holiqov. – Kuzatish marosimini mazmunli, bir umr esda qolarli tarzda o‘tkazish uchun viloyat mudofaa ishlari boshqarmasi, shuningdek, shahar va tumanlar mudofaa ishlari bo‘limlari tomonidan chaqiruv punktlarida zarur shart-sharoitlar va barcha qulayliklar yaratilgan.

Keng maydonda saf tortib turgan bo‘lajak askarlarning muddatli harbiy xizmatni ado etishga bo‘lgan ishtiyoqi, g‘ayrat-shijoati, jismoniy va ma’naviy barkamolligi kuzatuvchilar, ota-onalar qalbida faxr-iftixor tuyg‘ularini uyg‘otdi. Ayniqsa, ularning aksariyati “Vatanparvar” tashkilotining sport-texnika klublarida tahsil olib, turli harbiy mutaxassisliklarni, ma’lum jangovar ko‘nikmalarni egallagan holda harbiy xizmatga yo‘l olayotganliklarini alohida e’tirof etish kerak.

– Egnimga harbiy libos kiyib, Vatan himoyachisi bo‘lishni bolaligimdan orzu qilganman, – deydi harbiy xizmatga jo‘nab ketayotgan Ahrorbek Bozorov. – Bugun ana shu orzuim ushalganidan xursandman. Maktabni tamomlaganimdan so‘ng mudofaaga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkilotining haydovchilar tayyorlash kursini tamomlab, harbiy xizmatga har jihatdan tayyor bo‘ldim. Maqsadim, yigitlik burchimni a’lo darajada ado etib, yurtimga munosib farzand bo‘lish.

Kuzatuv tadbirida badiiy jamoalar tomonidan namoyish etilgan konsert dasturi tadbir ishtirokchilariga xush kayfiyat ulashdi. Bo‘lajak askarlarga xizmat jarayonida zarur bo‘ladigan jihozlar to‘plamidan iborat sovg‘alar taqdim etildi.  

F. UBAYDULLAEV,

Z. UMRZOQOV (surat), O‘zA