English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Andijonlik shifokorlar Sirdaryoda tajriba almashdi
15:40 / 2025-08-20

Mamlakatimizda tibbiyot sohasini rivojlantirish, tibbiy xizmatlar samaradorligini oshirish va sohada zamonaviy tizimlarni joriy etishda ilg‘or tajribalar almashinuvi muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Shu maqsadda Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Sirdaryo filialiga Andijon viloyati Ona va bola markazi mutaxassislari tashrif buyurdilar.

Tashrif davomida mehmonlar Sirdaryo viloyatida pilot tarzda amalga oshirilayotgan tibbiy sug‘urta tizimi bilan yaqindan tanishdilar. Xususan, ayollar uchun sug‘urta asosida bepul xizmat ko‘rsatish, kafolatlangan tibbiy paketlar qaysi toifadagi bemorlarga taalluqli ekani, shuningdek, statistika, kadrlar va buxgalteriya bo‘limlaridagi ish jarayonlari ularda katta qiziqish uyg‘otdi.

– Sug‘urta tizimining joriy etilishi tibbiy xizmatlarning shaffof va sifatli bo‘lishida muhim qadam hisoblanadi, – deydi filial direktori, 1-toifali akusher-ginekolog Shahlo Xojayeva. – Andijonlik hamkasblarimizning bu yo‘nalishga qiziqishi, ularning o‘zaro muloqot va fikr almashuvi biz uchun ham foydali bo‘ldi. Bunday hamkorlik orqali tajriba bilan birga yangi g‘oyalar, amaliy yechimlar ham yuzaga keladi.

Mutaxassislar tashrif davomida turli yo‘nalishlardagi amaliyotlarni ko‘zdan kechirib, sirdaryolik hamkasblari bilan tajriba almashdilar. Bu esa ikki viloyat tibbiyot muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish, xizmat ko‘rsatish sifatini yanada oshirish va sug‘urta tizimini takomillashtirishda muhim omil sifatida qayd etildi.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri