English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Andijonlik pedagoglar attestatsiyadan o‘tmoqda
22:47 / 2024-04-15

Andijon viloyati Pedagoglarni yangi metodikalarga o‘rgatish milliy markazida umumiy o‘rta, maktabgacha va maktabdan tashqari ta’lim tashkilotlari pedagoglarini attestatsiyadan o‘tkazish bo‘yicha test sinovlari bo‘lib o‘tmoqda.

Attestatsiya jarayoni ochilishiga bag‘ishlab o‘tkazilgan tadbirda so‘z olgan Andijon viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Rasuljon Karimov, faxriy ustoz, O‘zbekiston Qahramoni Kamoliddin G‘opirov va boshqalar tomonidan mamlakatimiz ta’lim tizimida olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar yuqori samaralar berayotganligi, xususan, o‘tkazilayotgan attestatsiya pedagoglarning bilimlarini baholash bilan birga, ularni moddiy qo‘llab-quvvatlash, daromadlarini oshirish uchun berilayotgan imkoniyat ekanligi ta’kidlandi. 

– O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 17-sentyabrdagi “Maktabgacha, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, professional va maktabdan tashqari ta’lim tashkilotlari pedagog kadrlarini attestatsiyadan o‘tkazish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan, attestatsiya jarayonlari joriy yilning 15-aprelidan 22-mayiga qadar o‘tkazilishi belgilangan, - deydi Andijon viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasining Pedagoglarning bilim va malakasini baholash shu’basi bosh metodisti Muhammadshukur Mamashokirov. – Attestatsiya sinovlariga bir kunda 600 nafar pedagog jalb etiladi. Sinovlarning yuqori saviyada o‘tkazilishi uchun zarur barcha sharoit yaratilgan. 

[gallery-16940]

Attestatsiyaning birinchi kunida viloyatdagi umumta’lim maktablarining informatika fani o‘qituvchilari o‘z bilimlarini sinovdan o‘tkazdi. 

– Attestatsiya o‘qituvchini o‘z ustida tinimsiz ishlashga, bilimlarini muntazam boyitib borishga undovchi muhim tadbirlardan hisoblanadi, - deydi Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tasarrufidagi Baliqchi tumani ixtisoslashgan ta’lim maktabi informatika fani o‘qituvchisi Asomiddin Sirojiddinov. – Jumladan, men ham ochiq-oshkora, shaffof tarzda tashkil etilgan attestatsiya orqali bilimlarimni yana bir bor sinovdan o‘tkazdim, eng muhimi, attestatsiyadan muvaffaqiyatli o‘tdim. 

Joriy yil 22-mayga qadar davom etadigan attestatsiyada Andijon viloyatidagi 12 ming 837 nafar pedagogning ishtirok etishi ko‘zda tutilgan. 

F. Ubaydullayev, Z. Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari