Andijonda mamlakatimiz mustaqilligining o‘ttiz to‘rt yillik bayramiga bag‘ishlanib, “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!” shiori ostida an’anaviy “Eng ulug‘, eng aziz!” tanlovining viloyat bosqichi g‘olib va sovrindorlarini taqdirlashga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda so‘z olgan Andijon viloyat hokimi o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i Gulnoraxon Ahmedova qatnashchilarni mustaqillik bayrami bilan muborakbod etib, mamlakatimizda mustaqillik yillarida erishilgan ulkan yutuqlar, bunyodkorlik ishlari, xalqimiz ma’naviyatini yuksaltirishga ijod ahlining qo‘shayotgan beqiyos hissasi, yurtimizda ijodkorlarning samarali ijod qilishi uchun keng imkoniyatlar yaratib berilayotganligi, ularni qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirishda “Eng ulug‘, eng aziz” tanlovi muhim ahamiyat kasb etayotganligi ta’kidlandi.
[gallery-24937]
Tanlovda bosma ommaviy axborot vositalari, internet jurnalistikasi vakillari, televideniye va radio ijodkorlari, shoir va yozuvchilar, publitsist ijodkorlar, shuningdek, musavvir, xalq amaliy san’ati vakillari, fotograf va dizaynerlar tomonidan taqdim etilgan 400 dan ziyod ijodiy ishlar ko‘rib chiqildi.
– Tanlov ko‘rgazmalarida namoyish etilgan ijodiy ishlarning o‘ziga xosligi, mazmunan boyligini, rang-barangligini alohida e’tirof etish joiz, – deydi O‘zbekiston Jurnalistlari uyushmasi viloyat bo‘limi rahbari Maxpuraxon Artiqova. – Ana shu asarlarda istiqlol g‘oyalari, xalqimiz ma’naviyati, ong va tafakkuridagi o‘zgarishlar o‘ziga xos talqin etilganligi ahamiyatlidir.
Tanlov ishtirokchilari istiqlol xalqimiz uchun ulug‘ ne’mat ekanligi, yurtdoshlarimiz ma’naviyati va tafakkuridagi o‘zgarishlar, Yangi O‘zbekistonni shakllantirish va inson qadrini ulug‘lash mavzulari keng aks etgan, shuningdek, mustaqillik yillarida yurtimizda, xususan, Andijonda qo‘lga kiritilayotgan ulkan yutuqlarni, bunyodkorlik ishlarini, milliy qadriyatlarimizni badiiy asarlar, bosma va elektron ommaviy axborot vositalari orqali yoritilgan ijodiy ishlar, fotografiya, dizaynerlik ishlari hamda tasviriy san’at asarlari orqali ko‘rsatib berdi.
Tanlovning yakuniy natijalariga ko‘ra, bosma ommaviy axborot vositalari tahririyatlari, jurnalistlarning ijodiy ishlari nominatsiyasi bo‘yicha Xo‘jaobod tumani hokimligining “Haqiqat” gazetasi jamoasi, teleradio nominatsiyasi bo‘yicha "Taraqqiyot" telekanali muxbiri Ruhshona Alimjonova, internet jurnalistikasi nominatsiyasi bo‘yicha “Xalq so‘zi” gazetasi muxbiri Saminjon Husanov, publitsistika yo‘nalishidagi ijodkorlar o‘rtasida “Vatandan ayro baxt yo‘q” nomli kitobi uchun adib Habib Siddiq, adabiyot nominatsiyasi bo‘yicha “Tarixiy esselar", "Musulmon sayyohlar”, “Muhammad Shayboniyxon qismati” hamda “Navoiy tug‘ilgan joy” nomli kitoblari uchun O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi a’zosi Farid Usmon, tasviriy san’at, foto va dizayn nominatsiyasi bo‘yicha musavvir, Sherali Jo‘rayev nomli musiqa va san’at oliy maktabi o‘qituvchisi Gulchehra Sobirova ijodiy ishlari bilan g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.
– Tahririyatimiz jamoasi tanlovda jamiyatimizda, xususan, tumanimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, zamonamiz qahramonlari hayoti, faoliyati yoritilgan ijodiy ishlari bilan ishtirok etdi, – deydi “Haqiqat” gazetasi muharriri Tolibjon Shermatov. – Ijodiy ishlarimiz e’tirof etilib, g‘oliblar qatoridan joy olganligimizdan behad xursandmiz. Ushbu e’tirof, muvaffaqiyat jamoamizga shijoat va ilhom bag‘ishlaydi.
Yakunda barcha nominatsiyalar bo‘yicha g‘olib va sovrindorlarga diplom hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (surat),
O‘zA muxbirlari