Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Andijonlik ijodkor faxriylar sayohatga chiqdi
18:52 / 2022-10-03

O‘zbekiston faxriylarini qo‘llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg‘armasi Andijon viloyati bo‘limi tashabbusi bilan bir guruh ijodkor faxriylar uchun sayohat uyushtirildi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 26 sentabrdagi yig‘ilish bayoniga muvofiq, joriy yilning 3-9 oktabr kunlari mamlakatimizda “Keksalarni e’zozlash, ularga hurmat-ehtirom ko‘rsatish – xalqimizga xos ezgu fazilat” shiori ostida “Keksalar haftaligi” o‘tkazilishi belgilangan, – deydi “Nuroniy” jamg‘armasi Andijon viloyati bo‘limi rahbari O‘ktamjon Oxunov. – Shu munosabat bilan haftalik doirasida keksalarimizni e’zozlash, ularni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan madaniy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etiladi, sayohatlar uyushtiriladi.

Haftalik doirasida O‘zbekiston Yozuvchilar, Jurnalistlar uyushmasining a’zosi bo‘lgan andijonlik ijodkor faxriylar uchun Qo‘rg‘ontepa tumanidagi “Bibi seshanba” ziyoratgohi hamda so‘lim Xonobod shahriga sayohat tashkil etildi. 

Faxriy ijodkorlar dastlab “Bibi seshanba” ziyoratgohida bo‘lib, duo-fotihalar qildi, ziyoratgoh, uning tarixi haqidagi ma’lumotlar bilan tanishdi. So‘ng sayohat qatnashchilari Xonobod shahri bilan yaqindan tanishdilar, "Nuroniy" jamg‘armasi Xonobod shahar bo‘limi boshlig‘i Husanboy Nazirov mehmonlarga shaharda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari haqida gapirib berdi. Shahardagi "Afsona" dam olish maskanida bir piyola dasturxon atrofida suhbatlashildi. 

[gallery-9020]

– Biz keksalarga ko‘rsatilgan hurmat va e’tibordan boshimiz ko‘kka yetdi, – deydi faxriy jurnalist Abduqahhor Qoraboyev. – Tarixdan ma’lumki, barcha davrlarda nuroniylari qadrlangan davlatlarning osmoni hamisha musaffo, taraqqiyoti yuksak bo‘lgan. Ishonch bilan ayta olamanki, tinchlik-xotirjamlik, to‘kinlik hukm surayotgan, taraqqiyotning baland cho‘qqilari sari dadil odimlayotgan ona yurtimiz ham yanada gullab-yashnaydi. Bu yo‘lda biz keksalar ham imkon qadar yurt ravnaqiga munosib hissa qo‘shamiz.

Keksalar shahardagi “Fozilmon ota” ziyoratgohiga tashrif buyurdi. Bu yerda Qur’on tilovat qilindi, otaxon va onaxonlar ziyoratgohdagi shifobaxsh buloq suvidan bahramand bo‘ldi. Shundan so‘ng sayohat ishtirokchilari Xonobod shahri rivojiga salmoqli hissa qo‘shgan, fidoyi inson “Solijon Mehmonov” uy-muzeyida bo‘lib, shahar tarixiga oid eksponatlar, ma’lumotlar bilan yaqindan tanishdi.

– Yurtimizda keksalarimiz hamisha e’zoz va e’tiborda, – deydi O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Andijon viloyati bo‘limi raisi Maxpuraxon Artiqova. – Ana shu e’tiborga yorqin misol bo‘lgan unutilmas taassurotlarga boy, mazmunli va zavqli o‘tgan ushbu sayohat faxriy ijodkorlarimiz qalbiga shubhasiz, o‘zgacha shukuh va ilhom beradi.

F. UBAYDULLAEV,
Z. UMRZOQOV (surat), 
O‘zA