English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Andijonga tashrif: Har bir hudud o‘ziga xos madaniyati, rivojlanish bosqichi va o‘sish nuqtalariga ega
10:30 / 2023-02-03

Kuni kecha davlatimiz rahbari hududlar iqtisodiyoti, aholi turmush tarzi va amalga oshirilayotgan bunyodkorlik loyihalari bilan yaqindan tanishish maqsadida Andijon viloyatiga tashrif buyurdi.

Bashariyat tamadduniga katta hissa qo‘shgan qadimgi kentlar qatorida Andijon shahri ham mamlakatimiz tarixi va taraqqiyotida o‘zining munosib o‘rniga ega. Bu azim shahar dunyoga buyuk davlat arbobi, betakror shoir va olim Zahiriddin Muhammad Boburni, hassos shoira Nodirabegimni, istiqlolning yalovbardor kurashchisi, buyuk shoir va adib, jaxon adabiyoti durdonalarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan Sulaymon O‘g‘li Cho‘lponni, akademik, shoir, yozuvchi, dramaturg Komil Yashinni, betakror shoir Muhammad Yusufni, teatr va kino san’atining yorqin yulduzlari Abbos Bakirovni, Soyib Xo‘jayevni, bastakor To‘xtash Jalilovni, buyuk matematik olim Toshmuhammad Sarimsoqov kabi mashhur insonlarni yetkazib bergan.  

Andijon viloyati Farg‘ona vodiysining sharqiy qismida joylashgan bo‘lib, bugungi kunda viloyat 14 ta tuman, 11 ta shahar va 954 ta mahallalarga bo‘lingan holda boshqarib kelinmoqda. E’tiborli jihati shundaki, viloyatdagi ushbu mahallalarning har biri o‘ziga xos madaniyati, rivojlanish bosqichi va o‘sish nuqtalariga ega.  

Bu galgi tashrif davomida Prezidentimiz dastlab, aholi bandligini ta’minlashdagi muhim yo‘nalish bo‘lgan sanoat korxonalari, xususan, Bo‘ston tumanidagi “Sayyora favvorasi” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan yaqinda ishga tushirilgan to‘qimachilik korxonasi faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Ushbu korxonada nafaqat fuqarolar uchun tayyor ish o‘rinlari shu bilan birga, kasb-hunarga qayta tayyorlash bo‘yicha o‘quv markazlari ham tashkil etilgan. Bu esa, ko‘nglida ishlash istagi bo‘lib, qo‘lida hunari bo‘lmagan minglab yoshlar uchun katta imkoniyatdir.  

Aytish joizki, bundan bir necha yil oldin Bo‘ston tumani iqtisodiy jihatdan viloyatning boshqa tumanlariga nisbatan orqada qolayotgan tumanlardan biri edi. Tumanda ochilgan mana shunday korxonalar esa, tuman iqtisodiyotiga munosib hissa qo‘shish bilan bir qatorda minglab aholini munosib mehnat haqqiga ega bo‘lgan ish o‘rinlari bilan ta’minlash imkonini beradi.  

Ma’lumki, davlatimiz rahbarining viloyatga qilgan avvalgi tashriflari davomida Andijonda aholi zich joylashgani, shu boisdan, aholining uy-joyga bo‘lgan ehtiyojini to‘laqonli ta’minlashda bugungi zamonaviy yondashuvlardan samarali foydalanish bo‘yicha ham tegishli ko‘rsatmalar berilgan edi. Bu galgi tashrif davomida Andijon tumanidagi Saddatagi mahallasida bo‘lib, aholi turmushi bilan yaqindan tanishish asnosida mahalladagi Mamadaliyevlar xonadonida tajriba tariqasida qurilgan yig‘ma uylarni ham kirib ko‘rdi. Ma’lum qilinishicha, xonadon hovlisida qurilgan bunday uylar kamxarj, issiq-sovuq va yong‘inga chidamli, qurish ham oson, bunday uylarni ko‘paytirish esa aholiga faqatgina qulaylik tug‘diradi.  

Shu yerda mahalla aholisi va faollar bilan suhbatlashib, fuqarolarning amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlariga bo‘lgan fikrlarini so‘rab, dildan suhbatlashdi. Umuman olganda so‘nggi yetti yilda Andijon viloyati barcha soha va yo‘nalishlarda respublikamizning yetakchi viloyatlari qatoridan o‘rin oldi.  

Xususan, o‘tgan 2021-2022 yillarda viloyatda umumiy qiymati qariyb 20 trillion so‘mga teng 600 dan ziyod investitsiya loyihasi amalga oshirildi. Natijada, 14,7 mingta ish o‘rinlari yaratildi. Bunda to‘qimachilik, qurilish materiallari, elektr texnikasi, charm-poyabzal, oziq-ovqat va farmatsevtika sohalari “drayver” bo‘ldi.  

Birgina 2022 yilda viloyatda yalpi hududiy mahsulot ishlab chiqarish hajmi 54,5 trillion so‘mni tashkil etib, 2021 yilga nisbatan 8,6 foizga o‘sdi. Jumladan, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish 22,6 foizga, xalq iste’moli mollari ishlab chiqarish 43,1 foiz, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish 3,5 foiz, qurilish ishlari hajmi 7,2 foiz, chakana savdo aylanmasi 11,3 foiz, kapital qo‘yilmalar hajmi 19,9 foiz, xizmatlar hajmi 12,9 foiz, tashqi savdo aylanmasi 35,3 foiz, eksport hajmi 27,3 foizga o‘sdi.  

Xulosa qilib aytganda, bu galgi tashrif doirasida belgilab berilgan reja va chora-tadbirlarning amalga oshirilishi 2023 yil yakuniga kelib, viloyat iqtisodiyoti yanada yuksalib, aholi turmush farovonligi yaxshilanishiga xizmat qiladi.  

 

Mavluda Adhamjonova,  

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,  

“Adolat” SDP fraksiyasi a’zosi