Andijondagi xalqaro turnir tennischilarimiz uchun muvaffaqiyatli o‘tmoqda
Andijon kortlarida “J60” tasnifidagi xalqaro tennis turnirining juftlik bahslarida g‘olib va sovrindorlar nomi aniq bo‘ldi.
Nufuzli musobaqaning o‘g‘il bolalar o‘rtasidagi final bellashuvi o‘zbek derbisi ostida o‘tdi. Aniqrog‘i, Nuriddin Baxtiyorov va Abdulaziz Usmonjonov tandemi Akmal Abdullayev va Danila Kvasov duetiga qarshi kortga chiqdi. Unda Nuriddin va Abdulaziz 6:4, 6:3 hisobida zafar quchib, bosh sovrinni qo‘ga kiritdi.
Qizlar orasida hamyurtimiz Shahzoda Ortiqboyeva neytral tennischi Mariya Masliakova bilan juflik hosil qilib, qozog‘istonlik Aiya Murzakulova hamda neytral tennischi Radmila Rahmatullinani 7:5, 6:3 hisobida yengdi va musobaqa g‘olibiga aylandi.
Darvoqe, Abdulaziz Usmonjonov yakkalik bahslarining final bosqichiga chiqdi hamda neytral tennischi Aleksander Kunitsinga qarshi o‘yin o‘tkazadigan bo‘ldi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA