Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Andijondagi hayvonot bog‘ida bo‘lganmisiz?
17:27 / 2023-10-07

Andijonning Bog‘ishamol dam olish maskani hududida joylashgan hayvonot bog‘i “Yunusobod fayzi” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan 2019 yilda tashkil etilgan, umumiy hududi 4,8 gekter bo‘lgan Andijon hayvonot bog‘ida dunyoning turli hududlaridan keltirilgan 500 ga yaqin turdagi yovvoyi hayvonlar, suv jonzotlari mavjud. Har bir hayvon talab darajasida pavarishlanmoqda. Tashrif buyuruvchilar uchun esa qator qulaylik yaratilgan.

– Bog‘imizga keluvchilar uchun zarur qulayliklar yaratilgan, – deydi hayvonot bog‘i rahbari Muxtorjon Xalilov. – To‘rt yoshgacha bo‘lgan bolalar, nogiron va keksalar boqqa bepul kirishi mumkin. Bundan tashqari, ko‘plab attraksionlar, ko‘ngilochar o‘yinlar, nogironlar uchun maxsus aravachalar tashkil etilgan. Bularning bari maskanimizga tashrif buyuruvchilarning ko‘ngilli hordiq chiqarishiga xizmat qiladi. 

Ayni kunda hayvonot bog‘ida qo‘ng‘ir ayiq, Afrikaning sher va maymunlari, yo‘lbars, Janubiy Amerikadan keltirilgan ilon va timsohlar, Mongoliya otlari, Markaziy Osiyo bo‘rilari, shuningdek, chiyabo‘ri, tulki, kiyik, tuyaqush, burgut, lochin, qirg‘iy singari yovvoyi hayvon va qushlar, yevropa oqqushlari, ko‘plab turdagi baliq, suv jonzotlarini tomosha qilish mumkin.

– Nabiram ikkalamiz bog‘dagi hayvonlarni katta qiziqish bilan tomosha qildik, – deydi Qo‘rg‘ontepa tumani Jomiy mahallasida yashovchi, mehnat faxriysi Muxarramxon Izbosarova. – Taassurotlarimiz bir olam, ayniqsa, nabiramning quvonchu hayratini aytmaysizmi. Nasib etsa, endi bu yerga har yili kelib turamiz.

Bog‘ hududiga turli o‘yin va attraksionlar o‘rnatilganligi tomoshalarning yanada qiziqarli bo‘lishini, shuningdek, bu yeradagi mavjud kafe, oshxona, muzqaymoq va salqin ichimliklar do‘konlari, fotosalon va suhbatgohlar aholiga yanada keng qulaylik yaratib, ko‘ngilli hordiq chiqarishini ta’minlaydi, bolajonlarga olam-olam zavq bag‘ishlaydi.

Ayniqsa, hayvonot bog‘ining o‘ziga xos manzarasi, fauna va florasi har qanday kishini o‘ziga jalb etadi. Bu yerda Xitoy, Germaniya, Rossiya, Belarus singari qator davlatlardan olib kelingan “pavloniya”, bir necha turdagi archa, kashtan singari 100 ga yaqin turdagi manzarali, soya-salqin beruvchi daraxt va gul ko‘chatlari o‘stirilgan.

– Andijonda bir necha yil avval hayvonot bog‘i ochilganligini eshitgandik, – deydi Qirg‘iziston Respublikasi Jalolobod oblasti O‘zgan shahridan kelgan Sherzodbek Salayoxunov. – O‘shanda farzandlarim bilan qachondir bog‘ni ko‘rgani boramiz, deb niyat qilganmiz. Mana bugun yo‘llarimiz ochildi, ikki qo‘shni respublika aholisi uchun bordi-keldi qilish imkoniyati kengaydi. Ushbu imkoniyatdan foydalanib, butun oilamiz Andijonni, hayvonot bog‘ini tomosha qilgani keldik. O‘zbekistondagi bunyodkorlik ishlari, bog‘dagi go‘zal manzaralar, rang-barang hayvonlar ayniqsa, farzandlarimda unutilmas taassurotlar qoldirdi.

[gallery-13904]

Bog‘dagi har bir hayvon alohida e’tibor bilan parvarishlanadi. Ular 15 nafardan ziyod mutaxassis tomonidan doimiy nazorat qilinadi, oziqalari berib boriladi. 

– Bog‘imizdagi tozalik, ozodalik, hayvonlar parvarishiga alohida e’tibor qaratamiz, – deydi ish yurituvchi Madolim Ma’mirov. – Har bir hayvonning yashash tarzidan kelib chiqib, parvarishlaymiz, ozuqlantiramiz. Sher, bo‘ri, maymun va tuyamiz shu yerning o‘zida bolaladi, yosh hayvonlar ham sog‘lom ulg‘aymoqda. Mavjud hayvonlarning ko‘payishi, yangi-yangi hayvonlar keltirilishi hisobiga hayvonlarimiz soni ham yildan-yilga ortib bormoqda. 

Darhaqiqat, hayvonot bog‘i ochilganida 100 dan ortiq turdagi hayvonlar bo‘lgan bo‘lsa, bugungi kunga kelib ularning soni 500 tadan ortdi. 

Ta’kidlash joizki, turli qiyinchiliklarga qaramasdan hayvonot bog‘i faoliyatini samarali olib bormoqda. Bilishimizcha, bog‘da tushumga nisbatan sarf-xarajaat ikki barobar ko‘p bo‘lar ekan. Ya’ni har kuni yovvoyi hayvonlar uchun 200 kilogramga yaqin go‘sht, parranda, baliq va boshqa jonzotlar uchun o‘nlab kilogramm don, turli ozuqalar, hatto maymunlar uchun bananu olmalar xarid qilinar ekan. Bundan tashqari, tozalik obodonlashtirish ishlari, elektr energiya sarfi uchun ham kattagina mablag‘ sarflanadi. 

Shu o‘rinda bir taklif tug‘iladi. Ehtimol, hayvonot bog‘lariga qonunchilik doirasida soliqlar, elektr energiyasi to‘lovlari bo‘yicha qandaydir yengilliklar, imtiyozlar berilishi maqsadga muvofiqdir. 

Bog‘da qurilish, obodonlashtirish ishlariga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. O‘tgan yili toshdan g‘orlar, sharsharalardan iborat o‘ziga xos majmua barpo etilganligi hayvonot bog‘iga o‘ziga xos ko‘rk bag‘ishladi. Umuman, bog‘ ma’muriyati tomonidan hayvonot bog‘ini yanada obodonlashtirish, hayvonlar sonini ko‘paytirish, aholiga qulayliklar yaratish, xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish bo‘yicha zarur ishlar olib borilmoqda. 

Muxtasar aytganda, bugun hayvonot bog‘i, shubhasiz, bolajonlar, viloyat aholisi va mehmonlari miriqib dam oladigan Andijonning eng gavjum maskanlaridan biriga aylangan. 

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/Ze2cyytZ9MQ" title="Андижондаги ҳайвонот боғида бўлганмисиз?" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>

Faxriddin Ubaydullayev,
Zuxriddin Umrzoqov (surat),
O‘zA muxbirlari