Andijondagi forumda hindistonliklar bilan 50 million dollarlik shartnoma imzolandi
“Open Andijan” I xalqaro investitsiya forumining birinchi ish kuni rang-barang tadbirlarga, samarali uchrashuvlarga boy boʻldi.
“Open Andijan” I xalqaro investitsiya forumining birinchi ish kuni rang-barang tadbirlarga, samarali uchrashuvlarga boy boʻldi.
Forum doirasida Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov ishtirokidagi matbuot anjumanida mamlakatimizda, xususan, viloyatda qulay investitsiya muhitini yaratish, tadbirkorlikni rivojlantirish, ularni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha muayyan ishlar olib borilayotgani taʼkidlandi. Mazkur investitsiya forumi ham bu borada muhim ahamiyat kasb etishiga alohida eʼtibor qaratildi.
- Bugungi kunda xorijiy tadbirkorlar bilan hamkorlikda viloyatda juda koʻp qoʻshma korxonalar faoliyat koʻrsatmoqda, - deydi viloyat hokimi Sh. Abdurahmonov. – Lekin hamkorlik borasida Andijonning imkoniyatlari juda katta. Ayniqsa, avtomobilsozlik, yengil sanoat, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirish va qayta ishlash, turizm, qurilish sohalarida istiqbolli loyihalarni amalga oshirish nafaqat viloyat, balki mamlakatimiz iqtisodiyotini yuksaltirishga xizmat qiladi.
Matbuot anjumanida ommaviy axborot vositalari xodimlari oʻzlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob oldi.
Forumda Hindistonning Gujarat shtati bosh vaziri V. Rupani rahbarligida 80 dan ortiq hindistonlik tadbirkorlar ishtirok etmoqda.
Oʻzbek va hind xalqlari oʻrtasidagi doʻstlik rishtalari tarixi uzoq davrlarga borib taqaladi. Andijonda hindistonlik tadbirkorlar bilan hamkorlikda olib borilayotgan ishlar ana shu doʻstlikni yanada mustahkamlaydi.
Ikki xalq oʻrtasidagi ishonch va samimiylikka asoslangan doʻstlikning ramzi sifatida Andijon shahridagi eng obod koʻchalardan biriga hind xalqining mashhur davlat va siyosat arbobi, gujaratlik Sardar Patel Vallabxay nomi berildi va koʻchaga uning byusti oʻrnatildi. Forum mehmonlari ana shu yodgorlik ochilishida ishtirok etdi.
- Hindiston tarixi va taraqqiyotida buyuk davlat arbobi andijonlik Z.M. Bobur va boburiylar sulolasining roli juda katta boʻlgan, - deydi Gujarat viloyati bosh vaziri V. Rupani. – Aynan Bobur yurtida hind xalqining ulugʻ davlat va siyosat arbobi Sardar Patelning byusti oʻrnatilib, muhtasham koʻcha uning nomi bilan atalishi ham ikki xalq oʻrtasidagi bogʻliqlikning bir ramzidir. Xalqlarimiz oʻrtasidagi doʻstlik, hamkorlik ikki xalq uchun faqat foyda keltiradi.
Prezidentimizning 2019-yil 14-yanvardagi “Andijon-farm” erkin iqtisodiy zonasini tashkil etish toʻgʻrisida” qarori asosida tashkil etilgan Andijon farmatsevtika zonasida Hindistonning “Cadila Pharmaceutikals Limited” kompaniyasi bilan 2019-2022-yillarda 50 million dollar investitsiya kiritish hisobiga farmatsevtika jihozlari, dori-darmonlar ishlab chiqarish loyihasini bosqichma-bosqich amalga oshirish boʻyicha shartnoma imzolanganligi forumning eng muhim voqeasi boʻldi.
“Cadila Pharmaceutikals Limited” kompaniyasi Hindistonning yirik farmatsevtik kompaniyalaridan biri boʻlib, asosiy ishlab chiqarish obyektlari Ahmadobod, Gujarat shtatlarida joylashgan. Kompaniyada 4 ming nafardan ortiq kishi mehnat qiladi. AQSH, Yaponiya, Afrika va MDHning qator davlatlarida kompaniyaning tadqiqot boʻlimlari faoliyat yuritadi.
Andijon viloyati hokimi Sh. Abdurahmonov hamda Gujarat viloyati bosh vaziri V. Rupani hamkorlikda ana shu loyiha doirasida barpo etiladigan farmatsevtika korxonasi qurilishiga tamal toshi qoʻyishdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi viloyat hududiy boshqarmasida “Oʻzbekistonda ishlab chiqarilgan” nomi ostida toʻqimachilik, avtomobilsozlik hamda farmatsevtika va boshqa qator sohalarda faoliyat olib borayotgan korxonalar tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlar koʻrgazmalari, taqdimotlar orqali forum ishtirokchilari viloyatning ana shu yoʻnalishlardagi imkoniyatlari bilan tanishdi.
Xorijiy investorlar, xalqaro moliya institutlari hamda mamlakatimiz tadbirkorlari ishtirokida investitsiya loyihalari yuzasidan muzokaralar oʻtkazildi.
- Korxonamizda 100 dan ortiq turdagi trikotaj mahsulotlari ishlab chiqariladi, - deydi Andijon shahridagi “Dinar textile” korxonasi rahbari Xadiyatullo Tillaboyev. – Har oyda 700-750 ming dollar miqdorida mahsulot tayyorlaymiz. Mahsulotlarimizning 90 foizi Rossiya, Qirgʻiziston, Qozogʻiston davlatlariga eksport qilinadi. Imkoniyatlarimiz keng, forumda qator xorijlik tadbirkorlar bilan hamkorlik boʻyicha muzokaralar olib boryapmiz.
Andijon tumanidagi yiliga 10 million flakon insulin dori vositasi ishlab chiqarish quvvatiga ega “Zamin Bio Health” hamda turli oʻlchamdagi shpris, infuziya va kapsula dori vositalari ishlab chiqarayotgan “Makro farm Andijon” masʼuliyati cheklangan jamiyatlari mahsulotlari qoʻshni Qirgʻiziston, Tojikistondan kelgan tadbirkorlarda katta qiziqish uygʻotdi.
- Korxonamiz sement ishlab chiqarish, togʻ-kon ishlari uchun uskunalar yetkazib berish bilan shugʻullanadi, - deydi Rossiyaning Tolyati shahrida faoliyat yurituvchi “Volgotsemmash” ochiq aksiyadorlik jamiyati bosh direktori Dimitriy Oblivansev. – Korxonamiz bir necha yildan buyon Oʻzbekiston bilan hamkorlik qiladi, sement ishlab chiqaruvchi qator korxonalarga uskuna va jihozlar yetkazib beradi. Jizzaxda hamkorlikda sement ishlab chiqaruvchi korxona qurmoqdamiz. Andijonda ham ana shunday korxona qurish niyatidamiz. Shaxsan mening Oʻzbekistonga birinchi kelishim. Bu yerda amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishib, yurtingiz jadal rivojlanayotganiga guvoh boʻldim. Maqsadimiz, oʻzbekistonlik tadbirkorlar bilan hamkorlikda yurtingiz iqtisodiyoti rivojiga hissa qoʻshish.
Mashinasozlik sanoatida avtomobillar uchun jihoz va butlovchi qismlar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish boʻyicha xorijiy investorlarga umumiy qiymati 280 million dollar boʻlgan 17 ta loyiha taqdim etildi. Ushbu loyihalar amalga oshirilishi natijasida 1 ming 400 ga yaqin yangi ish oʻrinlari yaratilishi koʻzda tutilgan.
Shuningdek, forum doirasida Belarus davlatining Grodno va Mogilev oblastlari tadbirkorlari bilan iqtisodiy, ilmiy, texnologik va madaniy gumanitar sohalarda hamkorlik toʻgʻrisidagi bitimlarni amalga oshirish boʻyicha yoʻl xaritalari imzolandi.
Forumda Hindiston Savdo-sanoat palatasi Federatsiyasi ayollar tashkiloti prezidenti Xarjinder Kaur Tolvar xonim rahbarligida 20 yaqin hindistonlik tadbirkor ayollar ishtirok etdi.
Ular andijonlik tadbirkor ayollar bilan uchrashib, oʻz bizneslari, hamkorlik imkoniyatlari boʻyicha muzokaralar oʻtkazdi. Xarjinder Tolvar xonim Hindistonda ayollar tadbirkorligi haqida keng maʼlumotlar berdi.
- Janubiy Hindistondagi yirik Chennay provinsiyasida moda maktablari faoliyatini yoʻlga qoʻyish va interyer dizayni boʻyicha tadbirkorlik bilan shugʻullanaman, - deydi Farida Xan. – Goʻzal va qadimiy Oʻzbekistonga, Bobur yurti Andijonga kelganimdan baxtiyorman. Ishonamanki, “Open Andijan” I xalqaro investitsiya forumi hindistonlik va oʻzbekistonlik tadbirkor ayollar oʻrtasida hamkorlikning oʻrnatilishida koʻprik boʻlib xizmat qiladi.
Forum ishtirokchilari Andijon shahridagi Jome yodgorlik majmuasi maydonida viloyat hunarmandlari tomonidan tayyorlangan hunarmandchilik hamda dehqon va fermer xoʻjaliklarida yetishtirilgan qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yarmarkalari bilan tanishdi.
“Open Andijan” I xalqaro investitsiya forumi bugun oʻz ishini davom ettiradi. Ishtirokchi va mehmonlar Oʻzbekiston Shveysariyasi deb ataluvchi soʻlim Xonobod shahrida boʻlib, mamlakatimiz, xususan, Andijon viloyatning turistik imkoniyatlari bilan tanishadi.