Andijonda “Futbolimiz kelajagi sening qo‘lingda” shiori ostida o‘tkazilgan futbol musobaqasining respublika final bosqichi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 33 yillik bayrami oldidan O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, O‘zbekiston “Yoshlik” jismoniy tarbiya va sport jamiyati tomonidan futbolning ommaviyligini oshirish, rivojlantirish, sportning futbol turi bilan shug‘ullanayotgan o‘quvchi- yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, rag‘batlantirish maqsadida o‘tkazilgan musobaqaning respublika final bosqichida Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyat bosqichlarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan umumta’lim maktablari jamoalari ishtirok etdi.
Andijon davlat universiteti stadionida o‘tkazilgan musobaqa qatnashchilari ikki guruhga bo‘lingan holda guruh o‘yinlarida o‘zaro kuch sinashdi. O‘z guruhida 1- va 2- o‘rinni qo‘lga kiritgan jamoalar final o‘yinlarida ishtirok etdi.
Yakunda Andijon va Namangan viloyatlari jamoalari birinchi va ikkinchi o‘rin uchun bahs olib bordi.
Qiziqarli va murosasiz o‘tgan bahsda Andijon viloyati sharafini himoya qilgan Andijon shahridagi 31- umumta’lim maktabi o‘quvchilari jamoasi namanganlik tengdoshlari, Namangan tumanidagi 30- umumta’lim maktabi jamoasini 2:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratib musobaqa g‘olibiga aylandi.
Uchinchi o‘rin uchun bahsda Sirdaryo viloyati vakili, Guliston shahridagi 15- umumta’lim maktabi o‘quvchilari Toshkent viloyati jamoasini mag‘lubiyatga uchratib, uchinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi.
[gallery-18608]
G‘olib va sovrindorlarni taqdirlashga bag‘ishlangan tadbirda yurtimizda yosh avlodning har jihatdan yetuk, jismonan sog‘lom va barkamol unib-o‘sishi, o‘z iqtidor va salohiyatini to‘laqonli namoyon etishi uchun keng imkoniyatlar yaratib berilayotganligi, ayniqsa, bolalar futbolini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilayotganligi ta’kidlandi.
G‘olib va sovrindorlarga diplom va esdalik sovg‘alarni Andijon viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Gulhayo Omonova, “Yoshlik” jismoniy tarbiya va sport jamiyati markaziy kengashi raisi o‘rinbosari Ahmadjon Alimov topshirdi.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari