Andijonda boks bo‘yicha 2006-2007 yillarda tug‘ilgan o‘smirlar o‘rtasida yetti kun davom etgan O‘zbekiston chempionati yakuniga yetdi. Mamlakatimizning barcha hududlaridan ishtirok etgan 280 nafar iste’dodli yoshlar 15 ta vazn toifasida sovrinli o‘rinlar uchun kurash olib bordi.
Shiddatli janglar yakuniga ko‘ra, andijonlik yosh bokschilar 5 ta oltin, 2 ta kumush, 7 ta bronza medalini qo‘lga kiritgan holda umumjamoada 1-o‘rinni egalladi. Toshkent viloyati vakillari 4 ta oltin, 5 tadan kumush va bronza medallariga sazovor bo‘lib 2-o‘rinni band etgan bo‘lsa, 2 ta oltin va 1 ta kumush medalli bo‘lgan xorazmlik yoshlar 3-o‘rindan joy oldi.

Medallar jamg‘arishda shuningdek, Namangan, Buxoro, Farg‘ona, Jizzax, Surxondaryo, Navoiy va poytaxtlik yosh charm qo‘lqop ustalari shiddat ko‘rsatishdi. Ammo, Sirdaryo, Qashqadaryo, Samarqand va Qoraqalpog‘iston vakillari bironta ham sovrinli o‘rinni egallay olmadi.

– Bu galgi bahslar o‘tgan yillarda o‘tgan chempionatlardan tubdan farq qildi. Boisi, musobaqalarni kubalik tajribali boks mutaxassislari, yurtimizning tajribali boks mutaxassislari bevosita kuzatib borishdi. Muhimi, chempionat tufayli bir qator iste’dodlar kashf etildi. Shu asosda terma jamoa yangi nomzodlar bilan boyiydi. Bundan tashqari, yosh bokschilarning natijalari orqali hududlarda mehnat qilayotgan boks trenerlarining darajasi, ular o‘tkazayotgan mashg‘ulotlar holati ham ma’lum bo‘ldi, – deydi O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi murabbiyi Bekzod Xidirov.

Bugun, 30 sentyabr kuni o‘smirlar o‘rtasidagi mamlakat chempionati yakunlangani ortidan Andijonda Valentin Zolotaryov xotirasiga bag‘ishlangan xalqaro turnir boshlanadi.
Unda hamyurtlarimizdan tashqari Qozog‘iston, Eron, Qirg‘iziston va Tojikistondan 120 nafardan ortiq charm qo‘lqop ustalari g‘oliblik uchun bahs olib borishga hozirlik ko‘rmoqda.

Turnirda joriy yilning noyabr oyida Ispaniyada bo‘lib o‘tadigan jahon chempionatiga tayyorlanayotgan mamlakat yoshlar terma jamoasi a’zolari alohida tarkibda qatnashayotgan bo‘lsa, Olimpiya o‘yinlari g‘olibi Hasanboy Do‘smatov, qator xalqaro turnirlar va qit’a o‘yinlari chempioni Iqboljon Xoldorov, yoshlar olimpiadasi g‘olibi Abdumalik Xalakov, jahon chempionati sovrindori Madiyor Saidrahimov kabi nomdor bokschilar o‘z vaznlarida ringga ko‘tarilishadi.
Musobaqalar 4 oktyabrgacha davom etadi.
To‘lqin Ro‘ziyev,
O‘zA