Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Andijonda yilning birinchi yarmida 1 ming 990 ta ajrim qayd etildi
10:27 / 2021-07-04

Andijonda Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish bo‘limlari tomonidan 2021 yilning olti oyi davomida amalga oshirilgan ishlar, tizimdagi yangiliklar hamda faoliyatdagi muammolar yuzasidan matbuot anjumani o‘tkazildi.

Davlat xizmatlari agentligi viloyat boshqarmasi mutasaddilari, tuman, shahar FXDYO bo‘limlari rahbarlari, bosma va elektron ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida sohada hisobot davrida amalga oshirilgan ishlar haqida ma’lumotlar taqdim etildi, erishilgan yutuq va mavjud muammolar xususida so‘z yuritildi.

Anjumanida Davlat xizmatlari agentligi viloyat boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Abdurahmon Alimov FHDYO bo‘limlaridagi xizmat ko‘rsatish sifati, aholiga yaratilayotgan qulayliklar haqida gapirdi, joriy yilning 6 oyi davomida qayd etilgan tug‘ilish, o‘lim, nikoh va ajrim holatlari bo‘yicha ma’lumotlar berdi.

FHDYO bo‘limlarining ma’lumotlariga ko‘ra, 2021 yilning olti oyi davomida bo‘limlarga 56 mingdan ortiq murojaat kelib tushgan. Ana shu davr mobaynida 36 ming 734 nafar chaqaloqning tug‘ilganligi qayd etilgan bo‘lsa, 7 ming 659 nafar kishi vafot etgan. Shuningdek, 9 ming 539 ta juftlikning qonuniy nikohi rasmiylashtirildi, 1 ming 990 ta ajrim qayd etildi.

Anjumanda sohada joriy etilgan qator yangiliklar, ya’ni  fuqarolar tomonidan nikohdan o‘tish uchun to‘lanadigan to‘lovlar invoys orqali amalga oshirilishi yo‘lga qo‘yilganligini qayd etilib, bu haqda ma’lumotlar berildi.

- To‘lov elektron tarzda amalga oshirilgandan so‘ng, fuqaroning shaxsiy telefoniga to‘lov amalga oshirilganligi haqida SMS xabar keladi, - deydi Abdurahmon Alimov. - Unda tasdiqlash kodi bo‘ladi. Kod  biriktirilgandan so‘ng fuqaro nikoh guvohnomasini olishi mumkin.  

Fuqarolarning ortiqcha ovoragarchiligiga chek qo‘yadigan yana bir yangilik, ya’ni nikohni qayd qilish joriy yilning 1 iyunidan boshlab ularning doimiy (vaqtincha) ro‘yxatdan o‘tgan joyidan va yuridik shaxslarning manzili (joylashgan yeri)dan qat’i nazar, eksterritorial tartibda amalga oshiriladigan bo‘ldi. Endilikda fuqarolar mamlakatimizning istalgan hududidagi FHDYO bo‘limiga nikohni qayd etish uchun ariza topshirish hamda tibbiy ko‘rikdan o‘tishi mumkin.

Tadbirda ommaviy axborot vositalari vakillari FHDYO faoliyati bilan bog‘liq o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga mutasaddilardan batafsil javoblar oldi.

Yakunda, viloyatda Davlat xizmatlari agentligi, FHDYOlar faoliyatini yoritishda faol bo‘lgan bir guruh jurnalist va blogerlarga tashakkurnoma hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.

F. UBAYDULLAEV, Z. UMRZOQOV (surat), O‘zA