Shahrixon tumanida 125 megavolt-amper quvvatiga ega yangi “Saroy” podstansiyasi ishga tushirildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 28 dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining 2023-2025 yillarga mo‘ljallangan investitsiya dasturini tasdiqlash hamda investitsiya loyihalarini boshqarishning yangi yondashuv va mexanizmlarini joriy etish to‘g‘risida”gi qarori asosida amalga oshirilayotgan umumiy qiymati 253,4 milliard so‘mga teng loyihaning birinchi bosqichi doirasida ishga tushirilgan mazkur podstansiyaga quvvati 125 megavoltli transformator o‘rnatildi.
Ma’lumki, keyingi yillarda elektr energiyasiga bo‘lgan talabning keskin ortishi, mavjud elektr podstansiyalari hamda tarmoqlarining eskirganligi natijasida Andijon viloyatining ayrim hududlarida, ayniqsa, kuz-qish oylarida elektr energiyasi ta’minotida uzilishlar yuzaga kelib turar edi. Ana shu kabi holatlarni bartaraf etish, viloyatda elektr energiyasi ta’minotini yaxshilash, shuningdek, 2023-2024 yil kuz-qish mavsumida magistral elektr tarmoqlarining barqaror ishlashini ta’minlash maqsadida yangi “Saroy” podstansiyasining ishga tushirilishi bilan Shahrixon, Baliqchi, Bo‘ston va Ulug‘nor tumanlarida elektr energiyasi ta’minoti yanada yaxshilanadi.
[gallery-14694]
Hozirga qadar yuqoridagi tumanlarga elektr energiyasi uzatib kelayotgan Andijon tumanidagi 220/110/10kV kuchlanish quvvatiga ega “Xakan” podstansiyasida tarmoq uzunligi hisobiga elektr energiyasidan texnologik sarf-yo‘qotishlar yuqori bo‘lib kelayotgan edi. Endilikda ana shu muammoga barham berildi.
Yangi podstansiya Shahrixon, Baliqchi, Bo‘ston va Ulug‘nor tumanlarining qator hududlaridagi 450 dan ortiq ijtimoiy soha ob’ekti, 3,5 mingdan ortiq tadbirkorlik sub’ekti, 100 ming nafardan ziyod aholi xonadonlarida elektr energiyasi ta’minoti sifatini oshiradi. Ana shu hududlarga avvaldan elektr energiyasi uzatib kelayotgan podstansiyalardagi kuchlanishni bir necha barobarga yengillashtiradi.
Yangi podstansiyaning ishga tushirilishi nafaqat aholi xonadonlari hamda ijtimoiy soha ob’ektlariga uzluksiz elektr energiyasi yetkazib berish, balki hududlarda ishlab chiqarish chiqarish quvvatini yanada kengaytirish, tadbirkorlik sub’ektlarini elektr energiyasi bilan ta’minlash imkoniyatini ham kengaytiradi.
Yangi “Saroy” podstansiyasi “Xakan” podstansiyasi yuklanmasini 100 megavattga yengillashtiradi. Energiya sarfi kamayishi hisobiga Andijon, Asaka, Buloqboshi, Xo‘jaobod, Marhamat va Jalaquduq tumanlarida iste’molchilarning elektr ta’minoti barqarorlashadi.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (surat),
O‘zA muxbirlari