Andijon viloyati Xo‘jaobod tumanida "SAMO CLINIC" xususiy tibbiy klinikasi ish boshladi.
Shifokorlar, mahalla oqsoqollari, keng jamoatchilik vakillari ishtirokida klinika ochilishiga bag‘ishlangan tadbirda so‘z olgan viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov va boshqalar tomonidan keyingi yillarida mamlakatimizda aholi sog‘ligini muhofaza qilish, tibbiyot muassasalari uchun moslashtirilgan yangi binolar qurish, ularni ilg‘or va zamonaviy tibbiy jihozlar bilan ta’minlash, ayniqsa, xususiy tibbiy muassasalar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar olib borilayotganligi ta’kidlandi.
Umumiy qiymati 4,2 milliard so‘mga teng loyiha doirasida barpo etilgan 60 o‘rinli mazkur klinika tumanda aholi salomatligini muhofaza qilish, tibbiy xizmat sifatini oshirishga xizmat qiladi. Klinikada asosan, “Samo” brendi ostida mahsulot ishlab chiqarayotgan trikotaj korxonalari ishchi-xizmatchilari, shuningdek, tuman aholisi asab, ichki va boshqa qator kasalliklar bo‘yicha davolanadi.
[gallery-9018]
O‘ziga xos qiyofa kasb etgan klinika "CRYSTAL MED HEALTHCARE" mas’uliyati cheklangan jamiyati quruvchilari tomonidan barpo etildi. Zamonaviy tibbiy jihoz va uskunalar bilan ta’minlangan klinikada davolanuvchilar va shifokorlar uchun zarur barcha sharoitlar yaratildi.
Umuman, Xo‘jaobod tumanida bugungi kunda markaziy shifoxona va uning bo‘limlari, ko‘p tarmoqli poliklinika, 2 ta oilaviy poliklinika, 8 ta oilaviy shifokorlik punkti, 27 ta mahalla tibbiyot punkti, shuningdek, 30 dan ortiq xususiy tibbiy muassasasi aholiga xizmat ko‘rsatib kelmoqda. Umuman, tumanda tibbiy xizmat sifati va samaradorligini oshirishga qaratilgan ishlar izchil olib borilmoqda.
Yangi klinikaning ishga tushishi bilan 25 ta yangi ish o‘rni yaratildi.
F. Ubaydullayev, Z. Umrzoqov (surat), O‘zA