Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Andijonda xotin-qizlar velomarafoni oʻtkazildi
10:24 / 2020-01-11

Andijon shahrida Vatanparvarlik oyligi hamda 14-yanvar – Vatan himoyachilari kuniga bagʻishlanib xotin-qizlar velomarafoni hamda Yoshlar festivali boʻlib oʻtdi.


Andijon shahrida Vatanparvarlik oyligi hamda 14-yanvar – Vatan himoyachilari kuniga bagʻishlanib xotin-qizlar velomarafoni hamda Yoshlar festivali boʻlib oʻtdi.

Andijon shahar hokimligi, xotin-qizlar qoʻmitasi tashabbusi bilan tashkil etilgan tadbirlar yurtdoshlarimiz, ayniqsa, yoshlar qalbida milliy armiyamiz hamda harbiy xizmatchilarga hurmat, ona Vatanga muhabbat tuygʻularini yanada mustahkamladi.

– Ushbu tadbirlarimiz yurtdoshlarimizga bayram ruhini berish bilan birga, opa-singillarimiz oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini targʻib etishga xizmat qildi, – deydi Andijon shahar hokimining oʻrinbosari, xotin-qizlar qoʻmitasi raisi Mohinur Qodirova.

Dastlab Andijon shahridagi korxona, tashkilot hamda taʼlim muassasalarida mehnat qilayotgan xotin-qizlar, talaba va oʻquvchi qizlar, mahalla fuqarolar yigʻinlarining xotin-qizlar bilan ishlash va oilalarda maʼnaviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlash boʻyicha mutaxassislari Andijon shahrining bosh koʻchasi boʻylab oʻtkazilgan velomarafonda qatnashdi.

Milliy bayrogʻimiz qadalgan maxsus avtomobillar hamda velomarafon qatnashchilari qariyb ikki kilometrli masofani bosib oʻtib, Andijon registoni deb ataluvchi Jomye meʼmoriy majmuasi maydoniga bordi. Bayramona bezatilgan maydonda velomarafon qatnashchilarini oliy oʻquv yurtlari talabalari, umumtaʼlim maktablari oʻquvchilari, uyushmagan yoshlar vakillari, bayram tadbiriga tashrif buyurgan yurtdoshlarimiz olqishlar bilan kutib oldi.

Velomarafonda qatnashish shaxsan menga oʻzgacha ruh, joʻshqin kayfiyat bagʻishladi, — deydi Andijon shahridagi “Shifokor” mahalla fuqarolar yigʻini mutaxassisi Hamroxon Azimova. – Ayniqsa, sovuq va kech boʻlishiga qaramay qiz-ayollarimizning velomarafonda faol qatnashganliklari tahsinga sazovor.

Yaqinda taekvondo boʻyicha Qozogʻistonda boʻlib oʻtgan xalqaro turnirda gʻolib boʻlib qaytdim, — deydi tadbir ishtirokchisi, Andijon shahridagi 2-umumtaʼlim maktabi oʻquvchisi Muhammadaziz Abdullayev. – Ushbu bayramda qatnashib, biz yoshlarga koʻrsatilayotgan eʼtibordan, mana shunday goʻzal yurt farzandi ekanligimdan qalbim faxr-iftixorga toʻldi.

Shundan soʻng Yoshlar festivali doirasida madaniy-koʻngilochar tadbirlar boshlandi. Keng maydon markaziga oʻrnatilgan sahnada sanʼatkorlarning Vatan, yoshlikni madh etuvchi kuy-qoʻshiqlari yangradi, oʻquvchi yoshlarning badiiy dasturlari, oliy oʻquv yurtlari Quvnoqlar va zukkolar jamoalarining, yosh sportchilarning koʻrgazmali chiqishlari barchaga xush va bayramona kayfiyat ulashdi.