Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Andijonda umumxalq xayriya hashari
16:00 / 2025-08-22

Mamlakatimiz mustaqilligining o‘ttiz to‘rt yillik to‘yi oldidan “Obod va fayzli mahalla – yurt ko‘rki” shiori ostida o‘tkazilayotgan umumxalq xayriya hashari Andijon viloyatining barcha tuman va shaharlarida uyushqoqlik bilan o‘tmoqda.

Umumxalq xayriya hasharida viloyat aholisi faol ishtirok etib, o‘zlari yashayotgan mahallalar, mehnat qilayotgan jamoa, ta’lim olayotgan muassasa hududlarini, bolalar maydonchalari, ko‘chalar, xiyobonlar, ariq, ziyoratgoh va qabristonlarni tozalash, umuman, katta hajmdagi obodonlashtirish ishlarini amalga oshirmoqda.

Xayriya hashari viloyatning har bir go‘shasi ozoda va orastaligini, pokiza va obodligini ta’minlash, xalqimizning keksalar, yetim-yesirlar va nogironlarga mehr-muruvvat ko‘rsatishdek azaliy qadriyatlari davomiyligining yorqin namunasi bo‘lmoqda.

Ikki kun davom etadigan hashar doirasidagi obodonlashtirish ishlarida viloyatdagi 2 million nafardan ortiq kishining ishtirok etishi ko‘zda tutilgan.

 –  Mustaqilligimizning o‘ttiz to‘rt yilligi bayrami oldidan mahallalar, shahar va qishloqlarda keng ko‘lamdagi obodonlashtirish ishlarini amalga oshirish maqsadida tashkil etilgan umumxalq hayriya hashari viloyatimizda uyushqoqlik bilan o‘tmoqda, – deydi O‘zbekiston mahallalar uyushmasi viloyat boshqarmasi boshlig‘i Muhammadjon Nishonov. – Ayniqsa, obodonlashtirilishi zarur bo‘lgan qator hududlarda ishlar uyushgan holda tashkil etiladi. Umuman, hashar davomida viloyatning barcha hududlarida keng ko‘lamli obodonlashtirirish ishlari amalga oshiriladi, ziyoratgoh va qabristonlar tozalanadi, viloyatdagi ehtiyojmand oilalarning uy-joylari ta’mirlab beriladi. Shuningdek, nogiron, yolg‘iz yashovchi keksalarlarga moddiy yordamlar ko‘rsatiladi.

Shaxsan o‘zim bugun erta tongdan Andijon tumani Mart mahallasi hududida joylashgan Qorabosh ota qabristonida bo‘lib, mahalla faollari, nuroniylar hamda yoshlar bilan birgalikda tozalash va obodonlashtirish ishlarini bajardik. Bu kabi xayrli ishlarda qatnashish har bir kishining ham fuqarolik, ham insoniylik burchidir.

Hashar davomida obodonlashtiriladigan ob’ektlar, amalga oshiriladigan ishlar har bir mahalla bo‘yicha, xususan, har bir ko‘cha va ko‘p qavatli uylarda belgilangan ishlarni “ko‘chabay” hamda “xonadonbay” amalga oshirish belgilab olindi.

O‘tayotgan hasharda, umuman, yurtimizning har bir go‘shasi, har bir ko‘cha va mahallasini, qo‘yingki, har bir xonadonni obod qilishdek ezgu harakatda viloyat aholisi faol ishtirok etmoqda.

– Hashar xalqimizning qadim va o‘ziga xos qadriyatlaridan biridir, – deydi Andijon tumanidagi “Bahor” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Gulnora Jo‘rayeva. – Shu bois ham, hasharda barcha yurtdoshlarimiz qatori mahallamiz aholisi ham faol ishtirok etmoqda. Xayriya xasharida mustaqillik bayrami tantanalariga munosib hozirlik ko‘rish, yurtdoshlarimiz o‘rtasidagi hamjihatlik, mehr-muruvvatga muhtoj kishilarga ko‘mak berish, yurtni obod qilishdek ezgu sa’y-harakatlar o‘z ifodasini topmoqda.

Mahallalar uyushmasi viloyat boshqarmasidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tkazilayotgan hashar davomida belgilangan yer maydonlari obodonlashtiriladi, ariq va lotoklar tozalanadi, chiqindilar chiqarib tashlanadi, daraxtlar oqlanib, shakl beriladi. Bu ishlarni bajarish uchun zarur texnika vositalari jalb etiladi. Jumladan, viloyatdagi  7 ming 174 ta ko‘cha, 84 ziyoratgoh, 975 ta qabriston tozalanishi, viloyat bo‘yicha 196,2 gektar maydon obodonlashtirilishi, 2727,6 tonna chiqindi chiqarib tashlanishi, 49,4 kilometr arik va lotoklar, 1 ming 901 ta sport maydonchasi tozalanishi rejalashtirilgan. Bundan tashqari, hashar doirasida 7 ming 740 ta oilaning 43 ming 871 metr kvadrat uy-joyi ta’mirlanadi, moddiy ko‘makka muhtoj 500 ta oilaga, 238 nafar nogiron fuqaroga moddiy yordam ko‘rsatiladi.

Xayriya hashari viloyatning barcha hududlarida, xususan, mehnat jamoalarida uyushqoqlik va fuqarolarning faol ishtirokida o‘tmoqda.  

[gallery-24905]

– Jamoamizning har bir a’zosi ertalabdan hasharda faol ishtirok etmoqda, – deydi O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi Andijon viloyat kengashi raisining o‘rinbosari Mansurbek Matisayev.  – Jamoamiz hududimiz, shuningdek, Andijon shahri Navoiy shohko‘chasining  jamoamizga tegishli hududini tozalab, chiroyli holga keltirdi. Ya’ni ariqlar tozalandi, chiqindilar chiqarib tashlandi, daraxtlarga shakl berilib, oqlandi.  

Shuningdek, hasharda O‘zbekiston Ekologik partiyasi viloyat kengashi, O‘zbekiston Jurnalistlar, Yozuvchilar uyushmalari viloyat bo‘limlari, “Andijonnoma” va “Andijanskaya” pravda gazetalari tahririyati jamoalari ham faol qatnashmoqda.  

Bir so‘z bilan aytganda, hashar yurtdoshlarimizni Vatan ravnaqi uchun fidoyi bo‘lishga, uni yanada obod etish ishtiyoqi bilan yashashga, shu bilan birga, xalqimiz ruhiyatini ko‘tarishga, milliy qadriyatlarimizni ulug‘lashga, yurtimizdagi axillik, mehr-oqibat, tinchlik uchun shukronalik tuyg‘ularini mustahkamlashga hamda mustaqillik bayramini munosib kutib olishga xizmat qiladi.

Faxriddin Ubaydullayev,

Zuhriddin Umrzoqov (surat), O‘zA