Mamlakatimizda joriy yilning 9 iyul kuni muddatidan ilgari o‘tkaziladigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ishlari qizg‘in davom etmoqda. Jumladan, 2- Andijon saylov okrugida saylov bilan bog‘liq barcha jarayonlar amaldagi qonun va belgilangan tartiblar asosida tashkil etilmoqda.
Mamlakatimiz hayotida muhim o‘rin tutgan mazkur siyosiy jarayonni adolatli, xolis, oshkora va ochiqlik tamoyillari asosida o‘tishida uchastka saylov komissiyasi a’zolarining o‘rni, roli muhim sanaladi. Shu bois, amaldagi qonun va belgilangan tartiblar doirasida uchastka saylov komissiyalari shakllantirildi. 928 saylov uchastkasi bo‘yicha komissiya a’zoligiga tavsiya etilgan jami 8 ming 393 nafar a’zo o‘rganib chiqildi. Okrug saylov komissiyasi qarori bilan komissiyalar tarkibi tasdiqlanib, matbuotda e’lon qilindi. Komissiyalarning samarali faoliyat yuritishi, saylovni yuqori saviyada va uyushqoqlik bilan o‘tishini ta’minlash uchun zarur barcha ishlar olib borilmoqda.
[gallery-12130]
Uchastka saylov komissiyalari a’zoligiga kiritilganlar mazkur sohada muayyan ish tajribasiga ega, huquqiy jihatdan bilimli, avvalgi saylovlarda komissiyalar tarkibida faoliyat olib borgan fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, davlat va nodavlat tashkilotlari xodimlaridir.
Uchastka komissiyalari a’zolarining 92 foizi avvalgi saylovlarda qatnashib, muayyan tajriba to‘plagan fuqarolardir. Komissiyalar a’zolarining 81,1 nafarini oliy, 17,3 nafarini o‘rta maxsus ma’lumotga ega shaxslar tashkil etdi.
F. UBAYDULLAEV,
Z. UMRZOQOV (surat),
O‘zA