Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Andijonda tasviriy va amaliy san’at asarlari ko‘rgazmasi
20:12 / 2024-04-16

Andijon shahridagi “Jome” me’moriy majmuasida mamlakatimizda an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan Xalqaro tasviriy va amaliy san’at festivali haftaligi doirasida tasviriy va amaliy san’at asarlari ko‘rgazmasi tashkil etildi.

O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Badiiy ijodkorlar uyushmasi Andijon viloyati bo‘limi hamda Andijon davlat universiteti, Andijon san’at kolleji, ixtisoslashtirilgan san’at maktab-internati hamda bolalar musiqa va san’at maktablari hamkorligida tashkil etilgan ko‘rgazma ochilishiga bag‘ishlangan tadbirda so‘z olgan O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Badiy ijodkorlar uyushmasi viloyat bo‘limi rahbari Rasuljon Ismanov va boshqalar tomonidan mamlakatimizda ijodkor yoshlarning puxta bilim olishi, o‘z iqtidor va iste’dodlarini yuksaltirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratib berilayotganligi, xususan, Xalqaro tasviriy va amaliy san’at haftaligi doirasidagi tadbirlar ularning ijodiy salohiyatlarini to‘laqonli nomoyon etishlariga keng imkoniyatlar eshigini ochib berayotganligi ta’kidlandi. 

Ko‘rgazmada O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi a’zolari, Andijon davlat universiteti san’atshunoslik fakulteti talabalari, Andijon san’at kolleji, Andijon ixtisoslashtirilgan san’at maktab-internati hamda viloyatdagi bolalar musiqa va san’at maktablari o‘quvchilari, “Barkamol avlod” bolalar ijodiyoti markazlari to‘garaklari tarbiyalanuvchilari o‘zlarining Vatan, istiqlol, tarixiy obidalar, tabiat go‘zalliklari va boshqa turli mavzulardagi rang-barang rasmlari, amaliy san’at asarlari bilan ishtirok etdi.

– Ko‘rgazmada yurtimizdagi qurilish-bunyodkorlik jarayonlari, tarixiy obidalar aks etgan asarlarim bilan ishtirok etyapman, – deydi Andijon davlat universiteti San’atshunoslik fakulteti 3- bosqich talabasi Omadbek Isoqov. – O‘tgan yili mazkur haftalik doirasida o‘tkazilgan tanlovda birinchi o‘rinni egallab, Oltin medal bilan taqdirlanganman. Erishgan ana shu muvaffaqiyatim ijodimni yanada yuqori bosqichga ko‘tarishda muhim ahamiyat kasb etdi. 

[gallery-16957]

Ko‘rgazmada taniqli musavvir Ulug‘bek Boltaboyevning ijodiy ishlari ko‘rgazmasi, shuningdek, Andijon davlat universiteti talabasi Boburbek Mamadaliyev, Andijon san’at kolleji o‘quvchisi Marjona To‘lqinova, Jalaquduq tumanidagi 13- son musiqa va san’at maktabi o‘quvchilari Sofiya Mamajonova, Samira Mustafina, Zuhra Saidova, ayniqsa, ularning ustozi, taniqli musavvir Rustamjon O‘rozovning ijodiy ishlari ko‘pchilikka manzur bo‘ldi. 

– Yurtdoshlarimiz, tengdoshlarim ijodiy ishlarimizdan zavq olsa, xursand bo‘laman, – deydi Jalaquduq tumanidagi 13- son musiqa va san’at maktabi o‘quvchisi Zuhra Saidova. – Men kelajakda mashxur rassom bo‘lib, tasviriy san’at yo‘nalishida xalqaro ko‘rgazmalarda yurtimiz shuhratini yuksaklarga ko‘taraman. Buning uchun bugun puxta bilim olib, ustozlarimdan tasviriy san’atning o‘ziga xos, nozik jihatlarini puxta o‘rganishga, turli ko‘rgazma va tanlovlarda faol ishtirok etishga astoydil harakat qilaman.

Ko‘rgazmada namoyish etilgan tasviriy san’at, shu bilan birga, amaliy san’at, haykaltaroshlik, xattotlik yo‘nalishlaridagi aksariyat ijodiy ishlar mutaxassislar tomonidan yuqori baholandi, qolaversa, ishtirokchi va mehmonlarning e’tiborini qozondi. 

Ko‘rgazmada ustoz-shogird an’analari asosida taniqli rassomlar yoshlarga o‘z tajribalarini o‘rgatib, mahorat saboqlari o‘tkazdi. 

Shuningdek, ko‘rgazma doirasida O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi Qo‘qon shahar bo‘limi a’olarining “Ko‘prik” deb nomlangan tasviriy san’at asarlari ko‘rgazmasi ham tashrif buyuruvchilarda katta taassurotlar qoldirdi. 

Mazkur ko‘rgazmalar hafta oxiriga qadar davom etadi. Haftalik yakuniga bag‘ishlangan tadbirda ko‘rgazmaning faol ishtirokchilari, ijodiy ishlari eng yaxshi deb topilgan musavvirlar ko‘rgazma tashkilotchilari tomonidan rag‘batlantiriladi. 

Faxriddin Ubaydullayev, Zuhriddin Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari