Andijonda taraqqiyot strategiyasini qo‘llab-quvvatlash jamoatchilik guruhi tarkibini tasdiqlash va guruhning tashkiliy yig‘ilishini o‘tkazish masalalariga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
“Yuksalish” umummilliy harakati, Andijon viloyati hokimligi, viloyatda faoliyat olib borayotgan nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari vakillari, jamoatchilik nazorati faollari ishtirokida o‘tkazilgan tadbirda Prezidentimizning joriy yil 28 yanvardagi “2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida” gi farmonida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash, mazkur yo‘nalishdagi ishlar samaradorligini oshirish xususida atroflicha so‘z yuritildi.
Sir emaski, keyingi yillarda O‘zbekistonda erkin fuqarolik jamiyatini barpo etish, jamiyat islohotlar tashabbuskori tamoyilini amalga oshirish maqsadida aholini davlat va jamiyat boshqaruvidagi ishtirokini kengaytirishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasining “Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida” gi qonuni qabul qilindi, mahalliy byudjet mablag‘larini aholining taklifi asosida sarflash bo‘yicha tashabbusli byudjet loyihasini amalga oshirish yo‘lga qo‘yildi, normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilinishidan oldin jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazilish tartibi joriy etildi.
– Yuqoridagi kabi islohotlarning tadrijiy davomi sifatida “2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida” gi Prezident farmonining qabul qilinganligi mazkur yo‘nalishdagi ishlarni yanada yuqori bosqichga ko‘tarishda muhim dasturilamal bo‘ldi, – deydi “Yuksalish” umummiliy harakati Andijon viloyati hududiy bo‘linmasi rahbari Muqaddasxon Sultonova. – Mazkur hujjat Taraqqiyot strategiyasi ijrosi ta’minlash, umuman, jamiyatdagi jarayonlar bo‘yicha jamoatchilik nazoratini o‘rnatish imkoniyatlarini yanada kengaytiradi.
Tadbirda viloyatdagi nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari vakillari, ekspertlar va mahalla faollaridan iborat taraqqiyot strategiyasini qo‘llab-quvvatlash jamoatchilik guruhi tuzilib, uning tarkibi tasdiqlandi.
Jamoatchilik guruhining tashkiliy yig‘ilishida taraqqiyot strategiyasini amalga oshirishda fuqarolik jamiyati institutlarining roli va ahamiyati, ayniqsa, mas’ul idoralarga yuklatilgan vazifalarni o‘z vaqtida va sifatli bajarilishi yuzasidan jamoatchilik monitoringi va jamoatchilik nazorati tadbirlarini tashkil etish bilan bog‘liq masalalar xususida keng tushuntirishlar berildi. Shuningdek, tadbirda taraqqiyot strategiyasida belgilangan vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha davlat idoralarida bajarilgan ishlar yuzasidan jamoatchilik guruhlariga doimiy hisobot berib borilishi, taraqqiyot strategiyasida belgilangan maqsadlarga erishilganlik bo‘yicha yillik muqobil hisobotlar e’lon qilib borilishi, ana shu hisobotlar orqali joylardagi mahalliy hokimiyat organlari faoliyatiga baho berilishi alohida ta’kidlandi.
Tadbir ishtirokchilari hamda mutaxassislar tomonidan mazkur yo‘nalishdagi ishlarni samarali tashkil etish va amalga oshirish yuzasidan taklif, fikr va mulohazalar bildirildi.
F. UBAYDULLAEV,
Z. UMRZOQOV (surat), O‘zA