English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Andijonda talabalar to‘liq turar-joy bilan ta’minlanganmi?
14:03 / 2023-09-01

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi Axborot xizmati tashabbusi bilan ommaviy axborot vositalari vakillari uchun Andijon viloyatidagi oliy ta’lim muassasalariga talabalarni turar-joy bilan ta’minlanishi masalalari yuzasidan press-tur tashkil etildi.

Keyingi yillarda Andijon viloyatidagi oliy o‘quv yurtlari talabalarini yotoqxona, turar-joy bilan ta’minlash borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Press-tur qatnashchilariga bu borada olib borilayotgan ishlar bo‘yicha ma’lumot berildi.

Ayni paytda viloyatdagi 10 ta davlat va nodavlat oliy ta’lim muassasalarida 60 ming nafardan ziyod talaba tahsil oladi. Bugungi kunda  ularning 10 ming nafarga yaqini oliy o‘quv yurtlariga qarashli talabalar turar joylarida istiqomat qiladi. Bir qancha talabalar esa institutlarga yaqin hududlardagi xonadonlarda ijara asosida yashab kelmoqda. Ularga oliygohlar tomonidan ijara pullari to‘lab berilmoqda.  

Joriy yil boshida talabalarning turar joyga bo‘lgan ehtiyoji o‘rganilganida yana 12,5 ming nafardan ortiq talaba turar joyga muhtoj ekanligi ma’lum bo‘lgan edi. Ana shundan kelib chiqib talabalarni yotoqxona bilan ta’minlash bo‘yicha amaliy ishlar olib borilmoqda.  

Viloyatda 2022-2025 yillarda davlat-xususiy sherikchilik dasturi asosida bir nechta talabalar yotoqxonalari barpo etish ko‘zda tutilgan. Yangi o‘quv yili arafasida Andijon mashinasozlik institutida 523 o‘rinli yuqoridagi dastur asosida barpo etilgan zamonaviy talabalar yotoqxonalari foydalanishga topshirildi.  

Press-tur ishtirokchilari dastlab Andijon davlat universiteti bo‘lib, davlat xususiy sherikchiligi asosida qurilib foydalanishga topshirilgan 400 o‘rinli talabalar turar joyida yaratilgan sharoitlar, shuningdek, universitet mablag‘lari hisobiga barpo etilayotgan 600 o‘rinli talabalar yotoqxonasining qurilish jarayonlari bilan tanishdi.

– Hozirda Andijon davlat universitetida 7 ming 75 nafar talaba tahsil oladi, – deydi universitetning Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori Xurshidbek Xo‘jamberdiyev. – O‘rganishlarda talabalarimizning 2 ming 508 talabaning turar joyga ehtiyoji borligi ma’lum bo‘ldi. Bugungi kunda universitetimizda umumiy hisobda 6 ta talabalar turar joyi mavjud bo‘lib, shundan, 5 tasi universitetga qarashli bo‘lsa, bittasi davlat-xususiy sherikchiligi asosida faoliyat ko‘rsatadi. Mavjud yotoqxonalarga 3 ming 532 nafar talaba joylashtirilgan.  

Shundan so‘ng press-tur qatnashchilari Andijon davlat tibbiyot institutida bo‘ldi.

[gallery-13395]

Institutda davlat xususiy sherikchiligi asosida bunyod etilgan 5 qavatli, barcha qulayliklarga ega, zamonaviy “Talabalar uyi”da yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishildi. Mazkur talabalar turar joyining birinchi qavatida milliy taomlar tayyorlovchi oshxona tashkil etilgan.

Umuman, institutda hozirda 4 ta talabalar yotoqxonasi bo‘lib, shundan uchtasi institutga qarashli bo‘lsa, bittasi davlat-xususiy sherikchilik asosida faoliyat ko‘rsatmoqda. Umuman, 2023-2024-o‘quv yiliga tayyorgarlik doirasida talabalar yotoqxonalariga eng avvalo, olis hududlardan kelib tahsil olayotgan talabalarni joylashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.  

Andijon qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar institutidagi mavjud talabalar turar joyida 1 ming 312 nafar talaba yashamoqda. Shu kunlarda  davlat sherikchilik asosida barpo etilgan 600 o‘rinli yotoqxonada ta’mirlash ishlari yakunlanib, jihozlanmoqda. Yangi o‘quv yili boshida ushbu yotoqxonaga talabalar joylashtiriladi. Bundan tashqari, 120 nafar talabani ijara xonadonlarga joylashtirish masalasi hal etilmoqda.  

Institutning barcha yotoqxonalari ishga tushirilgandan so‘ng 2 ming 562 nafar talaba turar-joy bilan ta’minlanadi.

Press-tur qatnashchilari Andijon mashinasozlik institutida bo‘lib, mavjud talabalar turar joylari, ularda yashovchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishdi.  

Ayni kunda 3 ming 571 nafar talaba tahsil olayotgan institutda 3 ta talabalar turar joyi mavjud. Shundan 2 tasi insitutga qarashli, bittasi davlat-xususiy sherikchiligi asosida faoliyat ko‘rsatadi.

Institutda davlat-xususiy sherikchiligi asosida qurilib foydalanishga topshirilgan turar-joy 500 o‘rinli bo‘lib, shundan 400 tasida talabalar yashaydi. Qolgan 100 ta o‘rin esa talabalarni ko‘rish uchun kelgan ota-onalarga mehmonxona sifatida foydalanishga mo‘ljallangan.

Mutasaddilarning ta’kidlashicha, kelgusi yilda institutda 800 o‘rinli yana bir talabalar yotoqxonasi hamda 600 o‘rinli o‘quv binosi foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan.  

Press-tur davomida ommaviy axborot vositalari vakillari talabalar turar joylari, talabalarni yotoqxonalarga joylashtirish masalalari bo‘yicha o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga oliy o‘quv yurtlarining mutasaddi va mas’ullardan batafsil javoblar oldi.  

F. UBAYDULLAEV, Z. UMRZOQOV (surat), O‘zA