Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Andijonda sun’iy intellekt ta’limi yo‘lga qo‘yildi
13:14 / 2025-12-16

Andijon shahridagi “Digital City” texnoparkida sun’iy intellekt sohasida innovatsion loyihalar ishlab chiqish va malakali mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha ta’lim yo‘lga qo‘yiladi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ishtirokida joriy yil 28 noyabr kuni Xalqaro kongress markazida sun’iy intellekt bo‘yicha o‘tkazilgan xalqaro forumda axborot texnologiyalari sohasining strategik ahamiyati, uning mamlakat barqaror rivoji va raqobatbardoshligida hal qiluvchi o‘rin tutayotgani, shuningdek, turli sohalarga oid innovatsion ishlanmalar O‘zbekistonda shakllanayotgan zamonaviy raqamli ekotizim hamda amalga oshirilayotgan islohotlarning real samarasi ekanligi ta’kidlanib, startap va texnologik tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashning yangi mexanizmlarini joriy etish, ishlanmalarni milliy miqyosda amaliyotga tatbiq qilish hamda ularni xalqaro bozorga olib chiqish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab berildi.  

Ana shu vazifalardan kelib chiqib, Andijon viloyatida sun’iy intellektni ta’lim tizimiga joriy etish, o‘qituvchilarni qayta tayyorlash hamda ta’lim muassasalarida IT savodxonligini oshirish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda.

Viloyatda mazkur yo‘nalishdagi ishlar xajmini oshirish, mavjud imkoniyatlardan keng foydalanish, xususan, sun’iy intellekt sohasida yangi  loyihalar tayyorlash, ilg‘or, innovatsion texnologiyalarni ishlab chiqarish, amaliyotga tatbiq etish, soha uchun yangi avlod mutaxassislarini tayyorlashga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar bajarilmoqda. Jumladan, ta’lim dasturlari ishlab chiqish bo‘yicha tashkil etilgan  deportament samarali faoliyat yuritmoqda. Keyingi yillarda viloyatda dasturiy xizmatlar ko‘rsatish bir necha barabarga ortdi. 

Mazkur yo‘nalishdagi ishlar izchil davom ettirilmoqda. Xususan, Andijon Digital City texnoparkida Andijon transport texnikumining 100 nafar o‘quvchi yoshlari dual ta’lim asosida zamonaviy IT kasblarga yo‘naltirilib, sun’iy intellekt yo‘nalishidagi o‘quv kurslariga jalb etildi. 

Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad, Prezidentimiz tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan “Besh million sun’iy intellekt yetakchilari” loyihasi doirasida ishlar ko‘lamini yanada kengaytirish, yoshlarning sun’iy intellekt sohasidagi bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirish, xalqaro IT sertifikatlarini qo‘lga kiritishiga sharoit yaratish hamda raqobatbardosh IT kadrlar tayyorlashdan iborat.

F. Ubaydullayev, Z. Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari