Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Andijonda shoir bilan uchrashuv
11:23 / 2021-09-28

Andijondagi Muhammad Yusuf nomidagi ijod maktabida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoir Shuhrat Orif bilan o‘tkazilgan ijodiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Andijon viloyat bo‘limi rahbari, shoira Xurshida Vahobjon qizi ishtirok etib, mamlakatimizda yosh avlod ma’naviyatini yuksaltirish, intellektual salohiyatini oshirish, vatanparvarlik ruhida tarbiyalash borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilayotgani haqida to‘xtaldi. Anjuman mehmoni shoir Shuhrat Orifning o‘ziga xos she’riyati, zamonaviy o‘zbek adabiyotidagi dadil qadamlari haqida so‘z yuritdi. 

Shuhrat Orif tadbir ishtirokchilariga o‘zining adabiyotga kirib kelishi, hayoti va ijodi bilan bog‘liq voqealari hamda «Men asli odammas yor edim» nomli kitobning yozilish tarixi, uning ijodkor ruhiyati va qalbiga ta’siri xususida so‘zladi.  

- Menga bolalik xotiralari, muhabbat rishtalari qalam tutqazgan. Keyinroq bu tuyg‘ular yurt ishqiga, Vatan sevgisiga aylandi. Tushundimki, shoir millat taqdiri uchun eng mas’ul shaxs ekanligi, u o‘z xalqisiz hech kim emas, hech narsa emas, o‘z ixtiyori bilan o‘ziga dard yuqtiradigan tabibga o‘xshaydi, deb ta’kidladi Shuhrat Orif.

Ma’rifiy kechada nafaqat ijod maktabi o‘quvchilari, balki viloyatda yashab ijod qilib kelayotgan adabiyot vakillari, yosh ijodkorlarning ishtirok etgani ham tadbirga o‘zgacha tus berdi.  

– Bu kabi uchrashuvlar endigina ijod olamiga qadam qo‘yayotgan biz kabi yosh ijodkorlar uchun mahorat maktabi vazifasini o‘taydi. Shoir bilan dildan suhbatlashish, maslahatlarini olish, o‘z ijod namunalarimizdan o‘qib berish bizga katta taassurot qoldirdi, – deydi Muhammad Yusuf nomidagi ijod maktabining 10-sinf o‘quvchisi Akmal Abdurahmonov.

Qizg‘in muloqot tarzida o‘tgan tadbirda o‘quvchilar shoirni ilhomlantiruvchi omillar, uning hayoti va ijodi, she’riyatiga daxldor savollar bilan murojaat etib, o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi.  

Tadbir yakunida Shuhrat Orif «Men asli odammas yor edim» deb nomlangan kitobini maktab kutubxonasi va o‘quvchilarga esdalik uchun ulashdi.

 

Sardor Sirojiddin,

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi 
Andijon viloyat bo‘limi mas’ul xodimi