Andijon viloyatidagi 1 ming 800 ga yaqin ko‘p qavatli uylarda 48 mingga yaqin xonadon mavjud bo‘lib, yaqin-yaqingacha ularga 293 ta xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlar uyushmalari tomonidan xizmat ko‘rsatilgan.
– Tizimdagi islohotlar, bu boradagi ishlarni takomillashtirish va yanada yuqori bosqichga ko‘tarish borasida viloyatda keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda, – deydi Andijon viloyati uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish boshqarmasi boshlig‘i Rasuljon To‘lanov. – Jumladan, ko‘p kvartirali uylarga xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish maqsadida boshqaruv kompaniyalari tashkil etilmoqda. Jumladan, uylarning aksariyati “OBOD-UY” (“BILLING” tizimi) axborotlashtirilgan dasturga kiritildi.
Andijon shahrida joylashgan ko‘p qavatli uylarni malakali boshqaruv-servis kompaniyalariga berish, to‘lovlarni billing tizimida amalga oshirish bo‘yicha yagona elektron platformasini ishga tushirish, ko‘p qavatli uylardagi muammolarni hal etish maqsadida “Tezkor kommunal xizmatlar” tizimi joriy etilmoqda.
Andijon shahrining 1-kichik dahasi hududidagi «Yoyilma» hamda “Sog‘lom avlod” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan 134 ta ko‘p kvartirali uylarga xizmat ko‘rsatish tizimini yaxshilash maqsadida yangi, "Shinam mahalla" mas’uliyati cheklangan jamiyati boshqaruv kompaniyasi tuzildi.
Mazkur boshqaruv kompaniyasi hududdagi ko‘p qavvatli uylarga xizmat ko‘rsatayotgan, lekin amalda samarali faoliyat yuritmayotgan 26 ta xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari uyushmasi o‘rnida tashkil etildi.
Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad, ko‘p qavatli uylarning qiyofasini yangilash, uylarda istiqomat qiluvchi fuqarolarga sifatli kommunal xizmatlari ko‘rsatishni ta’minlashdan iborat.
Hozirda yangi tashkil etilgan kompaniya tomonidan aholi va yuridik tashkilotlar bilan uchrashuvlar o‘tkazilmoqda, ko‘rsatiladigan xizmatlar uchun shartnomalar tuzilmoqda.
Ayni kunda bunday boshqaruv kompaniyalari Andijon, Xonobod shaharlari hamda tuman markazlarida ko‘p qavatli uylar negizida tashkil etilmoqda.
F. UBAYDULLAEV,
Z. UMRZOQOV (surat), O‘zA