Andijonda saylovlar yuqori ko‘tarinkilik bilan boshlandi
Bugun ertalab 8.00 dan butun mamlakatimizda bo‘lgani kabi Andijon viloyatida ham O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi hamda mahalliy Kengashlar deputatligiga saylovlar boshlandi.
Bugun ertalab 8.00 dan butun mamlakatimizda bo‘lgani kabi Andijon viloyatida ham O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi hamda mahalliy Kengashlar deputatligiga saylovlar boshlandi.
“Yangi O‘zbekiston – yangi saylovlar!” shiori ostida o‘tayotgan saylovlarda ishtirok etish, o‘zlarining konstitutsion huquqlaridan foydalanish va lozim deb topgan nomzodlarga ovoz berish uchun Andijon viloyatida tashkil etilgan 827 saylov uchastkasiga saylovchilar ko‘tarinki kayfiyat bilan kela boshladi.
Saylovlarning yuqori saviyada va uyushqoqlik bilan o‘tishini ta’minlash uchun barcha saylov uchastkalarida zarur sharoitlar yaratildi. Bo‘lib o‘tayotgan saylovlarda 1 million 919 ming nafardan ziyod andijonlik saylovchilar ishtirok etishi ko‘zda tutilgan. Ularning 47 ming 517 nafari saylovlarda birinchi bor qatnashayotgan yoshlardir. Viloyat saylov komissiyasining ma’lumotiga ko‘ra, 4 ming 337 nafar fuqaro muddatidan avval ovoz bergan.
Andijon shahridagi 6-umumta’lim maktabida tashkil etilgan 37-saylov uchastkasiga saylovchilar ertalabdan ko‘tarinki kayfiyatda kela boshladilar.
– Saylovlarni yuqori saviyada o‘tkazish, saylovchilarning emin-erkin ovoz berishlari uchun hamma narsa taxt, – deydi 37-uchastka saylov komissiyasi raisi Muhayyo Anorova. – Hududimizda 2551 nafar saylovchi ro‘yxatga olingan. Ular orasida 33 nafar yosh yigit-qiz bugungi saylovda ilk bor ovoz beradilar.
Saylovchilarning 3 nafar saylovchi muddatidan avval ovoz berdi. Uchastkamizga kelgan saylovchilarga ro‘yxat asosida saylov byulletenlari berilmoqda. Ertalabdan saylov uchastka binosi yorug‘, saylovchilarning hech qanday qiyinchiliklarsiz ovoz berishlari, qolaversa, siyosiy partiyalar, xalqaro kuzatuvchilar, shuningdek, ommaviy axborot vositalari vakillarining saylov jarayonini kuzatishlari uchun zarur barcha sharoitlar yaratilgan.
Darhaqiqat, saylov uchastkasida zarur barcha sharoitlar yaratilgan, bundan tashqari, onalar va bolalar xonasi, shifokorlar navbatchiligida tibbiy punkt faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.
Saylovga tashrif buyurgan ayrim yurtdoshlarimizning bo‘lib o‘tayotgan saylov xususidagi fikr-mulohazalarini bilish maqsadida ularni suhbatga chorladik:
– Saylov uchastkasida saylovchilarning emin-erkin ovoz berishlari uchun zarur barcha sharoitlar yaratilgan, – deydi Andijon shahridagi Bo‘ston mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi Mavludaxon Abdullaeva. – Mazkur siyosiy jarayonda faol qatnashish, fuqarolik burchimizni ado etish uchun ertalabdan o‘g‘lim va kelinim bilan saylov uchastkasiga keldik. Shaxsan men o‘zim munosib deb topgan nomzodlar uchun ovoz berib chiqdim.
Jamiyat hayotidagi jarayonlarga daxldorlik hissi bilan yashayotgan yoshlarimizning mazkur saylovda ham faol ishtirok etayotganligi quvonarlidir.
– Yaqinda 18 yoshga to‘ldim, – deydi saylovlarda ilk bor qatnashayotgan Andijon shahridagi 24-umumta’lim maktabi o‘quvchisi Islombek G‘offorbekov. – Katta qiziqish va hayajon bilan o‘zim yashaydigan hududdagi 45-saylov uchastkasiga ovoz berish uchun keldim. Saylovoldi uchrashuvlarida ishtirok etib hamda targ‘ibot materiallari orqali O‘zbekiston Respublikasi Qonunchilik Palatasi hamda mahalliy kengashlar deputatligiga nomzodlar, ularning dasturlari bilan tanishganman. Konstitutsion huquqimdan foydalanib, o‘zim munosib deb topgan nomzodlarga ovoz beraman.
Yuqoridagi saylov uchastkalarida bo‘lgani kabi Andijon shahrida tuzilgan 117 saylov uchastkasining barchasida saylovlar aholining faolligi va ko‘tarinki kayfiyati bilan boshlandi.