Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Andijonda “SAMO” klaster innovatsion texnologiyalari instituti tashkil etilishi mumkin
12:19 / 2021-06-18

Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshlig‘i Ulug‘bek Tashkenbayev Andijon viloyati Xo‘jaobod tumanidagi “NIL-GRANIT” mas’uliyati cheklangan jamiyati vakillari bilan uchrashdi.

Uchrashuvda korxona qoshida “SAMO” klaster innovatsion texnologiyalari institutini tashkil etish masalasi muhokama qilindi.

“NIL-GRANIT” MCHJ vakillari sobiq Xo‘jaobod qishloq xo‘jaligi kasb-hunar kolleji binosi negizida o‘quv jarayonining ishlab chiqarish va ilmiy-tadqiqot faoliyati bilan uzviy aloqasini kuchaytirish hamda ta’lim sohasida davlat-xususiy sherikchilik munosabatlarini kengaytirish maqsadida nodavlat institut tashkil etish bo‘yicha rejalarini so‘zlab berdi. Ta’lim inspeksiyasi boshlig‘i mahalliy tadbirkorlarning bu boradagi tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashini bildirar ekan, nodavlat ta’lim tashkilotlarini tashkil etish, ularning huquqiy maqomi, ularda ta’lim faoliyatini tashkil etish va uning nazoratini amalga oshirish tartibi to‘g‘risida ma’lumot va tavsiyalar berdi.

Nodavlat institut ochish uchun kerakli sharoitlar (auditoriya, moddiy-texnik baza, professor-o‘qituvchilar tarkibi, o‘quv adabiyotlar va h.z.) mavjud bo‘lsa, ta’lim faoliyatini litsenziya asosida boshlash mumkinligi ta’kidlandi.

– Tadbirkorlarning oliy ta’lim muassasasi tashkil etish tashabbusini doimo qo‘llab-quvvatlaymiz. Ishlab chiqarish va ta’lim tizimi integratsiyalashuvini rivojlantirish sohada malakali kadrlarni tayyorlash jarayonida yaxshi samara beradi. Yangi tahrirda qabul qilingan «Ta’lim to‘g‘risida»gi qonunda ham nodavlat ta’lim tashkilotlari faoliyatini litsenziyalash, attestatsiya va akkreditatsiyadan o‘tkazish jarayoni bilan bog‘liq qator imkoniyatlar yaratilgan. Chunki nodavlat ta’lim tashkilotlarining ko‘payishi sohada raqobat muhitining yuzaga kelishini ta’minlaydi. Bu esa o‘z-o‘zidan sifat ko‘rsatkichlarining muntazam ko‘tarilib borishiga zamin yaratadi. Shu nuqtai nazardan, biz bu borada qo‘limizdan kelguncha yordam berish, tavsiyalar berishga tayyormiz, – dedi Ulug‘bek Tashkenbayev.

Uchrashuvda shuningdek, ta’limning uzviyligi hamda uzluksizligini ta’minlash maqsadida yengil sanoat sohasida o‘rta bo‘g‘indagi kadrlarga ehtiyoj yuqori ekanligini inobatga olib, nafaqat oliy ta’lim, balki professional ta’lim bilan ham shug‘ullanishlari bo‘yicha tavsiyalar berildi. Muhokamalar yakunida tashkil etilishi rejalashtirilgan nodavlat institut Ta’lim inspeksiyasi tomonidan bevosita joyiga chiqib o‘rganilishi va kerakli tavsiyalar berilishiga kelishib olindi.

  Fayzullo Yahyoyev,

O‘zA