Energiya resurslaridan oqilona va qonuniy foydalanish davlat iqtisodiy xavfsizligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bois, hududlarda elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish, davlat mulkini talon-toroj qilish holatlarini aniqlash va ularning oldini olishga qaratilgan tizimli nazorat hamda reyd tadbirlari izchil ravishda amalga oshirilmoqda.
Ayni kunlarda “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ korrupsiyaga qarshi kurashish va komplayens nazorat xizmati (bo‘limi) hamda Elektr energiyasi oqimlari va yo‘qotishlarni hisobga olish, hududlar bilan ishlash departamenti mutasaddilari ishtirokida energiya resurslarini talon-toroj qilish holatlarini aniqlash yuzasidan reyd tadbirlari davom etmoqda.
O‘tkazilayotgan tadbirlar davomida iste’molchilar tomonidan elektr energiyasidan foydalanish qoidalarini mensimasdan davlat mulkidan o‘zboshimchalik bilan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlanmoqda.
Xususan, Andijon viloyati Andijon shahrida o‘tkazilgan reyd tadbirlari davomida “A” MCHJning elektr energiyasidan shartnoma rasmiylashtirmasdan noqonuniy holatda foydalanib kelgani aniqlandi.
Moddiy zararni aniqlash bo‘yicha qayta hisob-kitob natijalariga ko‘ra, davlat manfaatlariga jami 2,2 milliard so‘m miqdorida zarar yetkazilgani ma’lum bo‘lib, tegishli tartibda to‘plangan hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborildi.
N.Ziyodullayeva tayyorladi, O‘zA