Andijonda mamlakatimizning barcha hududlaridan tashrif buyurgan 200 ga yaqin yigit-qiz ishtirokida “Yoshlar forumi” o‘tkazilmoqda.
Viloyat hokimligi, Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat kengashi hamkorligida tashkil etilgan respublika forumi maktab o‘quvchilari hamda 30 yoshgacha bo‘lgan ishsiz yoshlarning bandligini ta’minlash, ularni kasb-hunarga o‘rgatish bo‘yicha “Andijon viloyati tajribasi”ni keng targ‘ib etish maqsadiga qaratilgan.
[gallery-2496]
Kecha, 20 may kuni forum ishtirokchilari Andijon shahridagi temir yo‘l vokzalida tantanali kutib olindi.
Forum doirasidagi tadbirlar Zahiriddin Muhammad Bobur haykali poyiga gul qo‘yish bilan boshlandi. So‘ng Xonobod shahridagi “Xonobod sihatgohi”da “Andijon oshlari” tanlovi tashkil etildi. Unda 14 ta hudud ishtirokchilari tomonidan 14 ta doshqozonda andijoncha palov tayyorlandi. Bir vaqtning o‘zida ikkinchi guruh yoshlari ishtirokida sihatgohning sport maydonchasida “Street workout” musobaqasi o‘tkazildi.
Kechga borib, forum ishtirokchilarining o‘zaro aloqalarini mustahkamlash maqsadida “Do‘stlik gulxani” tashkil etildi.
Zuhriddin UMURZOQOV (surat), O‘zA