English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Andijonda Ramazon hayiti keng nishonlanadi
16:56 / 2023-04-20

Mamlakatimizda fuqarolarning emin-erkin ibodat qilishlari, musulmonlarning o‘z zimmalaridagi diniy arkonlarni bekamu ko‘st ado etishlari uchun zarur barcha sharoitlar yaratilgan. Bugun xalqimizga mana shunday asriy orzular ro‘yobini tuhfa etgan ulug‘ ne’mat – istiqlolimizga, tinch-osoyishta hayotimizga shukronalik har bir yurtdoshlarimiz qalbida jo‘sh urmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan imzolangan  “Ramazon hayitini nishonlash to‘g‘risida” gi qarorida xalqimizning qadimiy va betakror bayramlaridan biri bo‘lgan muborak Ramazon hayitining mazmun-mohiyatida mujassam bo‘lgan insonparvarlik, ezgulik, shukronalik va mehr-oqibat singari an’ana va qadriyatlarni asrab-avaylash hamda keng targ‘ib etish, ushbu ulug‘ bayramni mamlakatimizda munosib nishonlash maqsadida tegishli tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan vazifalar belgilangan. Mazkur qaror ijrosini ta’minlash, qolaversa, Ramazon hayiti bayramini yuqori saviyada o‘tkazish uchun Andijon viloyatida ham zarur barcha ishlar amalga oshirildi.  

Fuqarolarimiz qalbiga bayram shukuhini singdirish, mamlakatimizda yurdoshlarimizning ibodat qilishlari, zimmalaridagi diniy amallarni ado etishlari uchun yaratib berilayotgan  imkoniyatlarni tushuntirish maqsadida diniy idoralar, Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, Ma’naviyat-targ‘ibot markazi, ichki ishlar bo‘limlari, umuman, keng jamoatchilik vakillari hamkorligida mahallalarda, masjidlarda keng ko‘lamli obodonlashtirish va targ‘ibot ishlari olib borildi.  

Ramazon hayiti namozi viloyatdagi 178 ta jome masjidi hamda “Sayid Muhyiddin mahdum” o‘rta maxsus islom bilim yurtida o‘qiladi. Hayit namozi o‘qiladigan masjidlar taxt holatga keltirilib, namozxonlar uchun zarur barcha sharoit va qulayliklar yaratildi.  

Hayit namozi o‘qiladigan masjidlarda tozalik, fuqarolar xavfsizligini ta’minlash maqsadida ichki ishlar, favqulodda vaziyatlar, tibbiyot, sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati xodimlari bilan hamkorlikda zarur chora-tadbirlar ko‘rildi. Bu boradagi aniqlangan kamchiliklar bartaraf etildi. Bundan tashqari, aholiga bayramona va ko‘tarinki kayfiyat ulashish maqsadida masjidlarga kishi ruhiyatini ko‘taruvchi shior va pannolar o‘rnatildi.  

[gallery-11535]

Bir so‘z bilan aytganda, Ramazon hayiti bayrami viloyatda ko‘tarinki kayfiyatda o‘tishi uchun zarur barcha ishlar amalga oshirilmoqda.  

F. UBAYDULLAEV,

Z. UMRZOQOV (foto)

O‘zA