Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Andijonda quyosh batareyalari o‘rnatilmoqda, bu elektr ta’minoti o‘rnini bosa oladimi? (+video)
21:00 / 2023-01-24

Dunyoning hatto quyoshli kunlari sanoqli bo‘lgan mamlakatlarda ham qayta tiklanuvchi energiya – quyosh batareyalari o‘rnatiladi. Masalan, Yevropa qit’asida elektr umumiy iste’molining o‘n foizi quyosh va shamoldan olinar ekan. Holbuki, O‘zbekistonda yilning 300 kuni quyoshli. Aynan shu raqamning o‘zi mamlakatimizda 2023 yilda qayta tiklanuvchi quvvatlarni ishga solishning eng qizg‘in davri, deb e’lon qilishga arzigulikdir.

Buloqboshi tumani tibbiyot birlashmasiga qarashli markaziy shifoxonada «Nurafshon elektr loyiha» MCHJ mutaxassislari binolar tomlariga quyosh batareyalarini qurmoqda.  

– Sakkizta brigadamiz maktab, bog‘cha, shifoxona, aholi xonadonlariga shu kabi jihozlarni montaj qilishyapti, – deydi bosh mutaxassis Hamidullo Alimov.  

Faqatgina shu shifoxonaga o‘n kilovatt va ikkita besh kilovattli akkumulyatorli quyosh batareyalari uchun mablag‘ ajratilgandi. Ularning ikkitasi allaqachon foydalanishga topshirilgan. 

– Avvallari dvijok ishlatar edik va u faqatgina yorug‘lik bera olardi. Asbob-uskunalarni ishlatishga dvijokning kuchi yetmas edi, – deydi Tuman TB bosh shifokori Tursunboy Davronov. – Viloyat hokimi topshirig‘i bilan shifoxonalarga quyosh batareyalari uchun mablag‘ ajratildi.  

Ha, avvallari, ayniqsa eng og‘ir bemorlarga xizmat ko‘rsatuvchi tibbiyot texnik jihozlari bir fursat to‘xtab qolardi. 

– Quyosh panellari akkumulyatori ishga tushgach, Reanimatsiya bo‘limidagi sun’iy nafas olish apparatlari, kislorod berish, bemor holatini tahlil etuvchi monitorlar, UZI, EKGni kamida ikki soat elektr bilan ta’minlab berib turibdi, – deydi bosh shifokor. 

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/YUZkVrZgTlA" title="Andijonda quyosh batareyalari o‘rnatilmoqda, bu elektr ta’minoti o‘rnini bosa oladimi?" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>

Shahrixondagi 4-maktabgacha ta’lim tashkiloti ham markazlashgan elektr ta’minotidagi uzilishlardan aziyat chekar edi. Viloyat hokimligi dasturi asosida bu yerga mutaxassislar ikki turdagi qayta tiklanuvchi energiya jihozlarini o‘rnatdi. 

– Quyosh panelimiz sakkiz kilovattli, – deydi bog‘cha xodimasi Nazira Mamasoliyeva. – Uning uch kilovattligi quyoshdan energiyani akkumulyatoriga yig‘ib oladida, chiroq o‘chganida, yorug‘lik berib turadi. Besh kilovattligini esa elektr borligida ham foydalanamiz. U ta’minotchi berayotgan energiyani tejashga yordam beradi. 

Muassasada markazlashgan elektr ta’minotida rejali uzilish ro‘y bersada, tarbiyachilar faoliyati to‘xtagani yo‘q. Sababi, quyosh panellari bor. 

O‘rta Shahrixonning «Tegirmonboshi» mahallasidagi Olimxon Nurmatovlar xonadonidan qo‘ni-qo‘shnilar qadami uzilmay qoldi.   

– O‘n bir panelli quyosh batareyasi xonadonni yoritib, televizor, sovuqxonaga ham yetyapti. 34 million so‘mga o‘rnatdim. Qo‘ni-qo‘shnilarimiz ham buni ko‘rib, o‘z uylariga o‘rnatishmoqchi bo‘lishdi, – deydi Olimxon Nurmatov.  

Xo‘sh, quyosh batareyasi elektr ta’minoti o‘rnini bosa oladimi? Bu borada Andijon tajribasiga asoslanish mumkinmi? Bu ish bilan viloyatda mashg‘ul va mas’ul bo‘lgan sakkizta tashkilotning biri «Nurafshon elektr loyiha» MCHJ erishgan natija va rejalari havas qilgudek.  

– O‘tgan yilning dekabr oyida Prezidentimiz tashabbusi bilan belgilangan dastur asosida 1 megavatt quvvatga ega bo‘lgan quyosh panellari o‘rnatildi, – deydi bosh muhandis Hamidullo Alimov. – Ular ijtimoiy soha inshootlari va aholi xonadonlarida edi. Yanvar oyining o‘zidagina yarim megavattgacha elektr energiyasi iqtisodini ta’minlashimiz kutilyapti. Kelajakda yana 2 megavatt quvvatga ega quyosh panellari o‘rnatamiz.   

Muhammadjon Obidov