Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Andijonda qishloq xo‘jalik mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi yildan-yilga ortmoqda
15:39 / 2020-12-12

Qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni munosabati bilan Andijonda soha ilg‘orlari, faxriylari, keng jamoatchilik vakillari ishtirokida tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda so‘z olgan viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov barchani bayram bilan tabriklab, joriy yilda viloyatda qishloq xo‘jaligi sohasida erishilgan natijalar xususida to‘xtaldi.

Viloyatda qishloq xo‘jaligining barcha sohalarida yuqori natijalarga erishildi. Qishloq xo‘jaligi korxonalari tomonidan shartnoma bo‘yicha paxta, g‘alla, pilla, meva-sabzavot mahsulotlari yetishtirish rejalari ortig‘i bilan bajarildi.

Dehqonlar tomonidan qariyb 80 ming gektar maydonda paxta yetishtirilib, shartnomadagi 251,7 ming tonna o‘rniga, 268,3 ming tonnadan ortiq hosil topshirildi. Viloyat bo‘yicha har gektar yerdan olingan o‘rtacha hosildorlik 33,8 sentnerni tashkil etib, o‘tgan yilga nisbatan hosildorlik 1,2 sentnerga ko‘tarildi.

Viloyat paxta xirmonining bunyod etilishida Qo‘rg‘ontepa, Baliqchi, Izboskan, Ulug‘nor, Paxtaobod, Marhamat tumanlarining hissasi salmoqli bo‘ldi.

Joriy yilda viloyatda 76,2 ming gektar maydonga g‘alla ekilib, 517 ming tonna yalpi hosil yetishtirildi, gektaridan olingan hosildorlik 2019 yilga nisbatan o‘rtacha 2,5 sentnerga ko‘tarildi. Fermerlarning o‘z hisobida qolgan donlari har yilgiga nisbatan ko‘proq bo‘lib, ularning manfaatdorlik darajasi yanada oshdi.

Tahlillarga ko‘ra, joriy yilda Baliqchi tumanida g‘alladan har gektar yerdan olingan o‘rtacha hosildorlik 71 sentnerni, Izboskan, Paxtaobod va Shahrixon tumanlarida esa 70 sentnerni tashkil etdi.

Pillachilikda ham ijobiy natijalarga erishildi. Joriy yilda jami 2 ming 718 tonna pilla yetishtirilib, shartnomaviy reja 100 foizga bajarildi. Har quti ipak qurtidan olingan pilla o‘rtacha 55 kilogramni, uchinchi-to‘rtinchi parvarishda esa 40 kilogramni tashkil etdi.

Viloyatda joriy yilning 11 oyi yakuni bilan jami 1 million 936 ming tonna mahsulot yetishtirildi. Jumladan, 388 ming tonnadan ortiq meva, 57 ming tonnadan ortiq uzum, bundan tashqari, 1 million 107 ming tonna sabzavot, 143 ming tonna poliz mahsulotlari, 241 ming tonna kartoshka yetishtirilib, bu borada belgilangan rejalar ortig‘i bilan bajarildi.

Joriy yilning o‘tgan davrida meva-sabzavotchilik klaster korxonalari tomonidan 28 ming tonna yoki 22,8 million AQSH dollari miqdorida mahsulot eksport qilindi. Bu esa o‘tgan yilga nisbatan 141 foizga ko‘pdir.

Bundan tashqari, viloyatda chorvachilik, baliqchilik, asalarichilik, umuman, qishloq xo‘jaligining turli yo‘nalishlari bo‘yicha ham ijobiy natijalarga erishildi.

Tadbirda viloyatda qishloq xo‘jaligidagi mavjud imkoniyatlardan kengroq foydalanish, yanada salmoqli natijalarga erishish, eng asosiysi, xalqimiz dasturxoni to‘kinligini ta’minlash bo‘yicha kelgusida amalga oshiriladigan muhim vazifalar belgilab olindi.

Tadbir davomida sohaning bir guruh ilg‘or vakillari «Qishloq xo‘jaligi xodimi», «Ilg‘or fermer», «Namunali tomorqachi», Mehnatkash dehqon”, «Suv xo‘jaligi a’lochisi» nishonlari, shuningdek, viloyat hokimining faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

[gallery-404]

Faxriddin UBAYDULLAEV, Zuxriddin UMRZOQOV (surat), O‘zA