Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Andijonda Prezident maktabi ochildi
18:30 / 2021-10-27

Andijon shahrida barpo etilgan Prezident maktabining ochilishiga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.

Prezident maktabiga joriy o‘quv yilida qabul qilingan o‘quvchilar, ularning ota-onalari, maktab o‘qituvchilari, keng jamoatchilik vakillari hamda mehmonlar ishtirok etgan tadbirda so‘z olgan Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov, O‘zbekiston Respublikasi Prezident ta’lim muassasalari agentligi rahbari XilolaUmarova mamlakatimizda yosh avlod kamoloti, ularning puxta bilim olishi, o‘z iqtidor va salohiyatlarini to‘laqonli yuzaga chiqarish uchun keng imkoniyatlar yaratib berilayotganligini ta’kidladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 20 fevraldagi “Prezident maktablarini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, joriy yilda Andijon, Navoiy, Surxondaryo, Sirdaryo va Toshkent viloyatlarida Prezident maktablari qurish va foydalanishga topshirish belgilangan edi. Mazkur hujjat asosida Andijonda ham zamonaviy ko‘rinishga ega144 o‘rinli Prezident maktabi qad rostladi.

Andijon shahrining markaziy ko‘chasi - Navoiy shohko‘chasida qariyib 2 gektar maydonni egallagan Prezident maktabi qurilishi “Shahrixon ixtisoslashgan qurilish” mas’uliyati cheklangan jamiyati quruvchilari tomonidan amalga oshirildi.

Prezident maktabi kompleksida ikki qavatli 2 ta o‘quv blogi, kutubxona, uch qavatli yotoqxona, mehmonxona, oshxona, shuningdek, sport va gimnastika zallari, basseyn, avtomobillar uchun turarjoy barpo etiladi. O‘quv xonalari eng zamonaviy jihozlar bilan ta’minlandi. Qurilish, jihozlash ishlari uchun qariyb 68 milliard so‘m mablag‘ sarflandi.

Maktab hududida o‘ziga xos landshaft yaratilib, manzarali daraxt ko‘chatlari, gullar ekildi.

Joriy yilda Andijondagi Prezident maktabining 5-10 sinflar uchun 144 nafar o‘quvchi qabul qilindi.

[gallery-4463]

- Viloyatimizdagi Prezident maktabining ilk o‘quvchilari qatoridan joy olganimdan quvonchim cheksiz, - deydi Baliqchi tumani Sortepa mahallasida yashovchi Muhammadyor Avazbekov. – Men Baliqchi tumanidagi 60- ixtisoslashgan davlat umumta’lim maktabida tahsil olganman. Imtihonlardan muvaffaqiyatli o‘tib, Prezident maktabining 9-sinfiga qabul qilindim. Bundan buyon ham faqat a’lo baholarga o‘qib, Prezident maktabining o‘quvchisi, degan nomga munosib bo‘lishga harakat qilaman.

- Prezident maktabiga qabul juda adolatli o‘tdi, - deydi Paxtaobod tumani To‘pajuvoz mahallasida yashovchi Amirtemur Maxsumov. – Imtixonlardan bir emas ikki nabiram yuqori ball olib, Prezident maktabi o‘quvchisiga aylandi. Katta nabiram Saidazizxon 10-sinfga, kichigi Saodatxon esa 6-sinfga qabul qilindi. Bundan nafaqat nabiralarimning, balki butun oilamizning quvonchi cheksiz.

Farzandlarimizning chuqur bilim olishi uchun mana shunday keng imkoniyatlar yaratib berayotgan yurtboshimizga rahmat. Yosh avlodga berilayotgan e’tibor kelajakda albatta, o‘zining ijobiy mevasini beradi.

Maktabda o‘quvchilarning puxta bilim olishi, o‘qituvchilarning samarali faoliyat yuritishi uchun zarur barcha shart-sharoitlar yaratildi. O‘quvchilarga 35 nafardan ortiq mamlakatimizning turli hududlaridan hamda xorijdan taklif etilgan malakali mutaxassis – o‘qituvchilar saboq beradi.

- Ma’lum vaqt ushbu maktabda o‘quvchilarga ingliz tilidan saboq beraman, - deydi Yamayka davlatidan taklif etilgan o‘qituvchi Maks Veyel. - Maktabda yaratilgan sharoitlar, o‘quv dasturlari nafaqat milliy, balki xalqaro talablarga to‘la javob beradi,

Prezident maktabida o‘qish o‘zbek, rus va ingliz tillarida olib boriladi.

Tantanali tadbirda maktabga qabul qilingan o‘quvchilarning ota-onalari, keng jamoatchilik nomidan so‘z olgan Amirtemur Maxsumov, O‘zbekiston Qahramoni Kamoliddin G‘opirov farzandlarimiz uchun bapo etilgan maktab, yaratib berilgan keng imkoniyatlar uchun Prezidentimizga minnatdorchilik bildirib, mazkur maktabda tahsilni boshlagan o‘quvchilarga oq yo‘l tiladi.

Prezident maktabi o‘quvchilari tomonidan o‘zbek, ingliz va boshqa xorijiy tillarda aytilgan she’r va qo‘shiqlar tadbir ishtirokchilariga xush kayfiyat ulashdi.

Mehmonlar, tadbir ishtirokchilari Prezident maktabida yaratilgan shart-sharioitlar bilan yaqindan tanishdi.

F. UBAYDULLAEV, Z. UMRZOQOV (surat), O‘zA