Andijonda ommaviy axborot vositalari vakillari uchun “O‘zmilliybank” AJ ishtirokida xizmatlar sohasining rivojlanish jarayonlari bilan tanishishga bag‘ishlangan press-tur tashkil etildi.
Press-tur ishtirokchilari belgilangan dastur doirasida Andijon shahri, Asaka, Xo‘jaobod, Andijon tumanlarida “O‘zmilliybank” AJ bilan hamkorlikda faoliyat olib borayotgan “MAHMUD EVRO DENT”, "KOLESO AVIA", “Munis saroy”, “NIL-GRANIT”, “SHARQ YULDUZI” kabi mas’uliyati cheklangan jamiyatlari hamda bankning Andijon viloyati filiali faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Dastlab press-tur ishtirokchilari Andijon shahridagi “MAHMUD EVRO DENT” korxonasida aholiga stomatologiya xizmati ko‘rsatish borasida olib borilayotgan ibratli ishlar bilan tanishdi.
Mazkur korxona aholiga stomotologik xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish maqsadida umumiy qiymati 1,5 milliard so‘mga teng loyihani amalga oshirish uchun kredit ajratilishini so‘rab murojaat etgan edi. “O‘zmilliybank” tomonidan tadbirkorlik sub’ektiga 1 millird so‘m miqdorida kredit ajratildi. Ajratilgan kredit mablag‘lari hisobiga korxona xorijdan ilg‘or va zamonaviy stomatologiya uskunalarini sotib oldi, loyihani to‘la ishga tushirdi. Natijada, bu yerda kuniga yuzlab fuqarolarga sifati stomotologik xizmatlar ko‘rsatish yo‘lga qo‘yildi. Eng asosiysi, 25 nafar mutaxassis doimiy ish o‘rniga ega bo‘ldi.
Shundan so‘ng jurnalistlar Asaka tumanidagi "KOLESO AVIA" mas’uliyati cheklangan jamiyati faoliyati bilan tanishdi.
– Avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish shoxobchasini qurish va jihozlash uchun jamiyatimizga “O‘zmilliybank” AJ tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 1 milliard 900 million so‘m miqdorida kredit ajratildi, – deydi "KOLESO AVIA" MCHJ rahbari Ilhomjon Abdug‘opporov. – Natijada qisqa muddat ichida barcha qulayliklarga ega shoxobchamizni barpo etib, ishga tushirdik. bugungi kunga kelib, avtomobillarga tez va sifatli xizmat ko‘rsatilmoqda. Bundan aholi behad mamnun.
Bankning moliyaviy ko‘magi bilan ishga tushirilgan avtoserviz aholiga qator qulayliklar yaratish bilan birga, bu yerda 15 nafar fuqaro, asosan, yoshlarning bandligi ta’minlandi.
“Munis saroy” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan tashkil etilgan zamonaviy dam olish maskani bugun Asaka tumanidagi eng aholi gavjum maskanlardan biriga aylangan.
“O‘zmilliybank” AJ tomonidan ajratilgan 1 milliard 900 million so‘m miqdoridagi kredit hisobiga barpo etilgan mazkur dam olish maskanida aholining dam olib, ko‘ngilli xordiq chiqarishi uchun zarur barcha qulayliklar yaratilgan. Ayni kunda 30 nafardan ortiq kishi mehnat qilayotgan ushbu maskanda xizmat ko‘rsatish namunali tashkil etilgan.
Shuningdek, press-tur ishtirokchilari Xo‘jaobod tumanidagi “NIL-GRANIT” hamda Andijon tumanidagi “SHARQ YULDUZI” korxonalari faoliyati bilan ham yaqindan tanishdi.
[gallery-7994]
Press-tur ishtirokchilari “O‘zmilliybank” AJ Andijon viloyati filiali faoliyati bilan tanishib, bank tomonidan aholi va yuridik shaxslarga bank xizmati ko‘rsatish, iqtisodiyot tarmoqlarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash borasida olib borilayotgan ishlar xususida ham keng ma’lumotlar oldi.
“O‘zmilliybank” AJ Andijon viloyati filiali tomonidan jami 279,3 ming nafar mijozga bank xizmati ko‘rsatiladi. Mijozlarning 263,1 mingtasi jismoniy, 16 ming 33 tasi yuridik shaxs hisoblanadi.
– 1991 yilda faoliyatini boshlagan bankimizning Andijon viloyat filialida hozirda 267 nafar professional mutaxassis ish olib bormoqda, – deydi “O‘zmilliybank” AJ Andijon viloyati filiali boshqaruvchisi Ulug‘bek Qobulov. – Filialimiz viloyat aholisiga, xorijlik mehmonlar, investorlar hamda yirik tadbirkorlik sub’ektlariga sifatli bank xizmati ko‘rsatadi. Qolaversa, viloyatimiz, mamlakatimiz iqtosidiyotini yuksaltirish, islohotlarni amalga oshirish, yirik investitsion loyihalarni moliyalashtirilishga yaqindan yordam berib kelmoqda.
bugungi kunda “O‘zmilliybank” AJ Andijon viloyat filialining Asaka va Marxamat tumanlarida filiallari, Qo‘rg‘ontepa, Shahrixon, Paxtaobod, Izboskan tumanlarida esa bank xizmatlari markazlari faoliyat yuritmoqda. Mijozlarga to‘lov plastik kartochkalaridan foydalanishda qulayliklar yaratish maqsadida joylarda 16 ta bankomat, 17 ta infokioska o‘rnatilgan, 2 ming 170 ta savdo terminallari dislokatsiya qilingan. Bundan tashqari, aholiga valyuta amaliyotlarida qulayliklar yaratish maqsadida viloyat hududida 7 ta valyuta ayirboshlash shoxobchasi, 2 ta avtomatlashtirilgan valyuta ayirboshlash shoxobchasi fuqarolar hamda xorijiy mehmonlarga xizmat ko‘rsatmoqda.
Keyingi yillarda bank filiallar va Bank xizmatlari markazlari tomonidan ajratilgan kreditlar hisobiga viloyatda qator tekstil korxonalari, yirik sig‘imli zamonaviy muzlatgichlar, savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish markazlari, umumiy ovqatlanish maskanlari barpo etildi.
Birgina 1921 yilda sanoat yo‘nalishidagi 30 ta loyihani amalga oshirish uchun 142,8 milliard so‘m, qishloq xo‘jaligi yo‘nalishidagi 38 ta loyiha uchun 121,8 milliard so‘m, yoshlar tadbirkorligini rivojlantirishga yo‘naltirilgan 28 ta loyiha uchun 101,8 milliard so‘m, xizmatlar ko‘rsatish yo‘nalishidagi 53 ta loyihani qo‘llab-quvvatlash uchun 59,9 milliard so‘m va boshqa sohalardagi 53 ta loyiha uchun 41,8 milliard so‘m miqdorida kreditlar ajratildi.
Yuqoridagi loyihalarni amalga oshirish uchun kredit mablag‘lari ajratilishi natijasida 53 ming 420 ta yangi ish o‘rni yaratildi.
Filialda zamonaviy innovatsion bank xizmatlari ko‘rsatilishiga alohida ahamiyat qaratimoqda. Bank mijozlarining 65 foizi masofadan boshqariladigan bank xizmatlaridan foydalanmoqda. Bunda hisobraqamlarda bank aylanmalarini amalga oshirish, onlayn kredit rasmiylashtirish yoki kredit qarzdorligini qoplash, xalqaro va milliy plastik kartochkalarda har qanday bank amaliyotlari hamda to‘lovlarni amalga oshirish, omonatlarni rasmiylashtirish amaliyotlari, xorijiy valyutalarda konversion amaliyotlar, pul o‘tkazmalari kabi bank xizmatlaridan masofadan foydalanish mumkin.
Andijon viloyati iqtisodiy ko‘rsatkichlarida xizmatlar sohasining ulushi ortib bormoqda. bugungi kunda mazkur yo‘nalishda viloyatda 23 mingdan ziyod korxona faoliyat yuritmoqda. Joriy yilning 1 choragida viloyatda xizmat ko‘rsatish hajmi 4 trillion 668 milliard so‘mni tashkil etib, o‘sish sur’ati 129,9 foizga ortgan. Aynan shu yo‘nalishda 19,1 mingta yangi ish o‘rni yaratilgan. Yil oxiriga qadar xizmatlar ko‘rsatish sohasini rivojlantirish hisobiga 64 mingdan ziyod yangi ish o‘rinlari yaratish ko‘zda tutilgan.
Ko‘zda tutilgan ishlarni samarali amalga oshirish, viloyatda xizmatlar ko‘rsatish sohasini yanada rivojlantirishda “O‘zmilliybank” AJ Andijon viloyati filialining moliyaviy ko‘magi shubhasiz, muhim ahamiyat kasb etadi.
Faxriddin Ubaydullayev, Zuxriddin Umrzoqov (surat), O‘zA